Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 27 Fevral 2023 12738

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

    1. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, Advokatlar palatasi hamda jamoatchilikning quyidagi takliflari ma’qullansin:

    nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarni zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish muassasalari uskunalarini modernizatsiya qilish;

    I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyozlar berish;

    nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash va ularga yuridik yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish.

    2. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash darajasini 60foizga yetkazish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    Mazkur ko‘rsatkichga erishish doirasida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2023 yilda muhtoj shaxslarni xorijiy texnologiyalar asosida tayyorlangansifatli zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari, shu jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlasin.

    3. Belgilansinki:

    a) 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinadi.

    Bunda:

    fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish va nogironlikni belgilash bilan bir vaqtda tegishli protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritiladi;

    protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun talab etiladigan tibbiy xulosaning mavjudligi o‘zaro axborot almashinuvi orqali aniqlanadi;

    “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimiga kiritilgan tibbiy xulosa asosida mazkur axborot tizimiga integratsiya qilingan “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasida nogironligi belgilangan shaxsning murojaati (shu jumladan, elektron tartibda) asosida protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini olish uchun elektron sertifikat shakllantiriladi;

    b) nogironligi bo‘lgan shaxslarni “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi orqali, shu jumladan, zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda joriy etiladigan shaffof elektron navbat doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ustuvorlik beriladi.

    Bunda, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash uchun so‘rovnomalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan bitta so‘rovnoma va umumiy ro‘yxatdan bitta so‘rovnoma tartibida navbatma-navbat shakllantiriladi.

    4. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyulga qadar nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    5. Belgilab qo‘yilsinki, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi (yo‘lda kuzatib boruvchi) bir nafar fuqaro uchun davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan, shu jumladan, davlat xizmatlari markazlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat muassasalarida fuqarolarning bevosita hozirligida (joyida) ko‘rsatiladigan xizmatlardan navbatsiz foydalanish, davlat idoralari rahbarlari (mansabdor shaxslari) qabuliga navbatsiz kirish bo‘yicha imtiyoz beriladi.

    6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023 yil 1 maydan boshlab tibbiyot muassasalarida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilish uchun shu muassasada uning otasi yoki onasiga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi, jumladan:

    statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi;

    bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yiladi.

    7. Belgilab qo‘yilsinki, pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan bolalarning nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilishi asosli ekanligini aniqlash maqsadida ularni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlarining yo‘llanmasiga asosan qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi bekor qilinadi.

    8. Fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    Belgilansinki, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy bepul yordam olishlariga (pro bono) ko‘maklashish uchun “Yuridik yordam” axborot tizimida advokatlik tuzilmalari va advokatlar foydalanishi uchun ochiq bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatlari bo‘limi yaratiladi.

    Bunda:

    nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy bepul yuridik yordam (pro bono) olish bo‘yicha murojaatlari “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi hamda ixtiyoriy yordam ko‘rsatilishi uchun advokatlik tuzilmalari va advokatlar e’tiboriga yetkaziladi;

    ixtiyoriy bepul yuridik yordam ko‘rsatish istagida bo‘lgan advokatlik tuzilmalari hamda advokatlar uchun bunday yordam taklif qilishning texnik imkoniyati yaratiladi;

    advokatlik tuzilmalari va advokatlardan ular ko‘rsatgan ixtiyoriy bepul yuridik yordam (pro bono) to‘g‘risida hisobot talab qilinmaydi.

    9. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi:

    a) nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslarga o‘z huquqlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida:

    Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlarning yagona ro‘yxatini shakllantirsin va doimiy yangilab borsin;

    Adliya vazirligi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolar uchun belgilangan imtiyozlarning yagona ro‘yxatini “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalida e’lon qilib, Internet tarmog‘i orqali muntazam yoritib borishni ta’minlasin;

    b) Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bilan birgalikda uch oy muddatda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov muddatini qo‘llash masalasini xorijiy ilg‘or tajribalar asosida o‘rganib chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

    10. Belgilansinki, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Maxsus pedagogika, defektologiya” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.

    Bunda, davlat granti asosida o‘qitish davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga ajratilgan davlat granti asosidagi umumiy qabul parametrlari doirasida amalga oshiriladi.

    11. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

    2023/2024 o‘quv yiliga qabul jarayonidan boshlab qabul tartibi, test sinovlari to‘g‘risida abituriyentlarga ma’lumot berish uchun tayyorlanadigan materiallar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘lishi, jumladan, videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishini ta’minlasin;

    ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun nogironligi bo‘lgan shaxsning oila a’zosi yoki boshqa shaxslarga oliy ta’lim muassasasida nogironligi bo‘lgan shaxsning yonida birga bo‘lishi uchun sharoit yaratish choralarini ko‘rsin.

    12. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5217-son qarori 2-bandining o‘ninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

    “bolalar serebral falaji, umurtqa pog‘onasining patologik sinishi bilan kasallangan bolalar va kattalarda mustaqil yurish funksiyalarini qayta tiklash uchun Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi va uning hududiy markazlarini 2021-2022 yillarda 28 ta, shundan 2021 yilda 14 ta zamonaviy ekzoskelet uskunasi, 2023 yildarobotlashtirilgan lokomat to‘plami va boshqa zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan ta’minlash”.

    14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorning 2, 6va 13-bandlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish 2023 yilda Davlat byudjetidan tegishli sohalarga ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishini, 2024 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablag‘larni inobatga olsin.

    15. Adliya vazirligi:

    Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda nogironligi bo‘lgan shaxslarga berilgan imtiyozlar, nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlaridan foydalanishlari uchun qulay sharoitlar yaratish haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin;

    O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatining aholi o‘rtasida tushuntirilishini, ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali muntazam ravishda va keng ko‘lamda yoritib borilishini ta’minlasin.

    16. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    17. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2023 yil 27 fevral