Mazkur Qonun bilan Yer kodeksiga kiritilayotgan oʻzgarishlarga muvofiq, ochiq elektron tanlov orqali qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berish huquqini qoʻlga kiritgan shaxslarga oʻsha hudud hokimining tasdigʻi talab etilmaydi.

Shuningdek, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanganlarni oʻz vaqtida aniqlash hamda chora koʻrish masʼuliyati Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlariga yuklatilmoqda.

Kadastr agentligi organlari yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini aniqlagan taqdirda, ushbu yer uchastkalariga boʻlgan huquqni bekor qilish haqida sudga daʼvo arizasi kiritadi.

Qonunda ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim aholi qatlamlari uchun bir qator kafolatlar ham belgilanmoqda. Xususan, nogironligi boʻlgan shaxslar va ularning oilasi elektron onlayn-auksionlardan yer uchastkalarini sotib olishi bilan bogʻliq xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.