Yurtimizda nogironlikni belgilashning samarali mexanizmlari joriy etilyapti. Bu orqali tizimdagi byurokratik toʻsiqlar va korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish koʻzda tutilgan.
Qolaversa, soha raqamlashtirilishi hisobiga aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish rejalashtirilgan. Prezidentimizning 2024-yil 16-iyuldagi tegishli qarori ayni shu maqsadni koʻzlab qabul qilindi.
Unga koʻra, yangi tizim 2024-yil 1-sentyabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025-yil 1-sentyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida amaliyotga tatbiq etilishi belgilangan.
Shu asosda fuqarolarga nogironlikni belgilash boʻyicha YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Xoʻsh, bu jarayon qanday tartibda amalga oshiriladi?
— Nogironlikni belgilashda tumanlararo va tuman tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) koʻrigi xulosasi asos boʻladi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligining Nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy xizmatlar koʻrsatilishi jarayonini muvofiqlashtirish boʻlimi bosh mutaxassisi Baxodir Karimov. — TIEK koʻrigidan oʻtish uchun fuqaro yoki uning qonuniy vakili oʻz xohishiga koʻra tibbiyot muassasasiga, oilaviy shifokorga, “Inson” markaziga, ijtimoiy xodimga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali murojaat qiladi.
Qabul qilingan murojaat bir ish kunida fuqaroning yashash manzilidagi oilaviy poliklinikaga (oilaviy shifokorlik punktiga) yuboriladi. Poliklinika murojaatni oilaviy shifokorga oʻrganish uchun taqdim etadi.
Oilaviy shifokor fuqaroning tibbiyot muassasalarida davolanganligiga oid tibbiy hujjatlari mavjudligini hamda TIEK koʻrigiga yoʻllash uchun asoslar bor yoki yoʻqligini aniqlaydi.
Arap lozim deb topilsa, murojaatchi qoʻshimcha tibbiy tekshiruvlardan oʻtish va davolanish uchun yoʻnaltirilishi mumkin.
Oilaviy shifokor yoʻllanmani elektron shakldagi kasallik tarixi va (yoki) ambulator kartadan koʻchirma bilan birgalikda bir ish kuni ichida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritadi.
Agar nogironlikni belgilash uchun yoʻllashga asos boʻlmasa, bu haqda murojaatchiga sabablari koʻrsatilgan holda avtomatik ravishda “SMS” boradi.
Yoʻllanma TIEKga yuborilgach, fuqaroga bu haqda “SMS” xabar yuboriladi. Ariza my.gov.uz portali orqali qabul qilingan boʻlsa, yoʻllanma ariza beruvchining ushbu platformadagi shaxsiy kabinetiga avtomatik yuboriladi va tegishli TIEK tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Fuqaro TIEK xabarnomasini qabul qilib olgandan soʻng koʻrikdan oʻtish joyiga belgilangan vaqtda yetib keladi.
Fuqaro sogʻligi holati boʻyicha TIEKdan koʻrikdan oʻtish uchun bora olmagan taqdirda, sogʻligining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkaziladi.
Yakuniy bosqichda, tegishli mezonlarga toʻgʻri kelgan taqdirda, nogironlik sababi, muddati, tibbiy tavsiya va xulosalar inson omili aralashuvisiz, avtomatik tarzda belgilanadi.
Bir soʻz bilan aytganda, yangi tizim sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlab, turli ovoragarchiliklarning oldini oladi.