Chunki Alisher Navoiy turkiy adabiyotni yulduzlar yoniga olib chiqdi, turkiy tilli adabiyotning mukammal andozasini yaratdi, Hazratdan keyin turkiy tilda adabiyot insho qilish rasm boʻldi, boshqa turkigoʻy shoirlar ham oʻz ona tilida dadil yoza boshladi. Mirzo Boburning nafis va mardona ruboiy hamda gʻazallari, “Boburnoma”, yana boshqa asarlari beqiyos jozibasi, badiiy va ijodiy qimmati bilan jahon ahlini maftun etib keladi.

Qish faslining soʻnggi oyi — fevral keyingi yillarda yurtimizda adabiyot oyli­gi sifatida nishonlab kelinmoqda. Dunyoda bayramlar, turli anjumanlar koʻp. Shular orasida Alisher Navoiy va Zahiriddin Mu­hammad Boburning tavallud sanasi bilan bogʻliq tantanalar nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda keng miqyosda nishonla­nadi.

Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekis­ton xalqiga navbatdagi Murojaatnomasida Sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy kabi buyuk bobolarimizning qutlugʻ tavallud ayyomini yuksak darajada, har tomonlama mu­nosib oʻtkazishda mahallalar, taʼlim-tarbiya maskanlari, mehnat jamoalari, ziyolilar, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari, umuman, butun xalqimiz faol ishtirok eti­shi zarurligini taʼkidlagan edi. Bu borada “Vatandoshlar” jamoat fondi ham ibratli ishlarni qilmoqda.

— Prezidentimizning adabiyot va sanʼ­atni, madaniyat va kitobxonlikni har tomon­lama qoʻllab-quvvatlash, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur merosini yosh avlodga bekamu koʻst yetkazish borasidagi siyo­sati ijtimoiy hayotimizda muhim ahamiyat kasb etyapti, — deydi “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi oʻrinbosari Bolid­din Sanayev. — Alisher Navoiyning 585-yil­ligi, Mirzo Boburning 543-yilligini keng nishonlash maqsadida fondimiz tomonidan Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vako­latxonalari bilan hamkorlikda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ja­nubiy Koreya, AQSH, Yevropa mamlakatlarida madaniy-adabiy tadbirlar uyushtirilmoqda. Bu tadbirlarda shoir, yozuvchilar, adabiyot­shunos va tarixchi olimlar, sanʼatkorlar, madaniyat sohasi vakillari faol ishtirok etyapti. Bugun turli davlatlarda istiqomat qilayotgan millatdosh va vatandoshlarimiz orasida ona tilimiz, madaniyatimiz, urf- odatlarimiz, sanʼatimiz, qadriyat va anʼa­nalarimizni yoyish, targʻib etish hamda va­tandoshlarimizning keyingi avlodlari ham ulardan toʻla-toʻkis bahramand boʻla olishini taʼminlash fondimizning asosiy vazifasi­ga kiradi.

Buyuk bobomiz Alisher Navoiyning hay­kali Tokio, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Boku, Mozori Sharif, Oʻsh, Dushanbe, Seul singari yirik shaharlarda qad rost­lagan edi. 2023-yili Qozogʻiston poytaxti Ostonada ham oʻzbek xalqining buyuk farzan­di, shoir va mutafakkir Alisher Navoiyga muhtasham haykal oʻrnatildi. Haykalning ochilish marosimida ishtirok etgan va nutq soʻzlagan davlatimiz rahbari: “Ishonchim komilki, Alisher Navoiy haykali ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va qardoshlik rishtalarining yana bir yorqin ramziga aylanadi, uning merosi esa yana koʻplab avlodlarni buyuk yutuqlarga ilhomlanti­radi”, degan edi.

— Oʻzbek-qozoq adabiy aloqalarining ildizi chuqur, — deydi Oʻzbekistonning Qozogʻiston Respublikasidagi elchixonasi vakili Bahrom Berdiyev. — Qozoq mumtoz adabiyotining yorqin vakili Abay Qoʻnonboyev Alisher Navoiyni ustoz deb bilgan. Gʻafur Gʻulom, Mirtemir, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov davrida qaror topgan adabiy alo­qalar bugun ham shukuh bilan davom etmoqda.

2021-yili Qozogʻiston davlat mukofoti sovrindori, taniqli qozoq shoiri Nasip­bek Aytuli Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlarini qozoq tiliga oʻgirgan. Keyingi yillarda “Mahbub ul-qulub” asari qozoq ti­liga muvaffaqiyatli tarjima qilindi. Shu­ningdek, Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlan­gan ilmiy-badiiy asarlar qardoshlar tilida chop etilmoqda. Ayni jarayon Navoiy merosi butun turkiy dunyoda faol oʻrganilayotganini koʻrsatadi.

— Men oʻzbek adabiyotini qozoq tiliga, qozoq adabiyotini oʻzbek tiliga oʻgirish bi­lan shugʻullanib, oʻzimning ijod qalamim ham charxlanib borayotganiga amin boʻldim, — deydi qozogʻistonlik oʻzbek shoirasi Raʼno Doʻsanova.

Joriy yil 9-13-fevral kunlari “Vatan­doshlar” jamoat fondi tomonidan Qozogʻis­tonning Turkiston viloyati, Chimkent, Oqtov va Atirav shaharlaridagi maktablar, oliy oʻquv yurtlari, teatrlar va mahallalarda adabiy uchrashuvlar, kitobxonlik kechalari, qizgʻin mushoiralar boʻlib oʻtdi. Turkiston viloyati Keles tumanidagi T. Begmanova no­midagi 8-maktabda boʻlib oʻtgan uchrashuvda vatandoshlarimiz hamda Abay, Chuqursoy ma­hallalarida yashayotgan aholi vakillari bi­lan birga, nuroniylar, xotin-qizlar, oʻquvchi yoshlar, mahalliy ijodkorlar ishtirok etdi. Qiziqarli oʻtgan tadbirda Alisher Navoiy­ning 585, Zahiriddin Muhammad Boburning 543, qozoq yozma adabiyoti asoschisi Abay Qoʻ­nonboyevning 180-yilligiga urgʻu berildi.

Filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Sultonmurod Olim oʻzbek va qozoq xalqlarining uch buyuk shoiri — Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abay Qoʻnonboyev adabiy merosining umumbashariy ahamiyati toʻgʻrisida gapirdi. Nafaqat tur­kiy xalqlarning, balki butun insoniyatning maʼnaviy daholari boʻlgan shoirlar asarla­rining ilmiy-amaliy talqini, maʼnaviy- maʼrifiy ahamiyati, adabiy tafakkur taraq­qiyotidagi oʻrni haqida atroflicha mulohaza yuritdi.

Ushbu adabiy kecha yosh avlod qalbida ki­tobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etdi. Maktab kutubxonasiga Toshkentdan olib borilgan yangi badiiy kitoblar, musi­qa asboblari hamda oʻzbek milliy liboslari sovgʻa qilindi. Shuningdek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi hamda oʻzbek tili bilimdonlari faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Mak­tab direktori Meruyet Amirovaning taʼkid­lashicha, maktabda oʻzbek va qozoq tillarida taʼlim beriladi. Oʻzbek tili va adabiyoti boʻ­yicha muntazam tanlovlar oʻtkaziladi. Gʻolib­lar oliy oʻquv yurtlariga imtiyoz va grantlar asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Chimkent shahrida joylashgan Alisher Na­voiy nomidagi 11-maktabda oʻtgan maʼnaviy- maʼrifiy tadbir shoir byustiga gul qoʻyish bilan boshlandi. Shu yerda ulugʻ maʼrifatpar­var jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy­ning “Dunyo imoratlarining eng ulugʻi mak­tabdir” degan hikmatli soʻziga yana bir karra ishonch hosil qildik. Chunki maktab eng ilgʻor zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan.

Taʼlim muassasasidagi tadbirda Tosh­kentdan borgan sanʼat ustalari, mahalliy sanʼatkorlar, shoirlar va adiblar, vatan­doshlarimiz, mahalliy aholi hamda Oʻzbe­kistonning Qozogʻistondagi elchixonasi hamda bosh konsulxona vakillari ishtirok etdi. Oʻquvchilar tomonidan “Xamsa” doston­lari hamda “Boburnoma” asosida tayyorlan­gan sahna koʻrinishlari namoyish etilgani toʻplanganlarning olqishiga sazovor boʻldi. 23 ta qozoq, 24 ta oʻzbek sinfi mavjud boʻl­gan mazkur maktab direktori Gulzina No­sir qizi maktabda oʻzbek tili va adabiyoti fanlarining oʻqitilishi, adabiyot toʻgaragi­ning faoliyati, aksariyat oʻqituvchilarning Toshkentdagi oliy taʼlim muassasalarida oʻqigani haqida soʻzlab berdi. Maktabning oʻquvchi va oʻqituvchilar jamoasiga Toshkent­dan maxsus olib borilgan badiiy kitoblar, milliy kiyimlar, oʻzbek cholgʻu asboblari sovgʻa qilindi.

— Hozir Turkiston viloyatida Alisher Navoiy nomi bilan atalgan beshta maktab, muzey va boshqa muassasalar bor, — deydi maktabning oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Begmat Turdiqulov. — Har yili ulugʻ shoirning tavallud kuni arafasida na­voiyxonlik anjumanlari, mushoiralar oʻtka­zib kelinadi.

Shu mavzudagi suhbatni Qozogʻiston Res­publikasi “Doʻstlik” hamjamiyati raisi Ab­dulla Ismatullayev davom ettirdi:

— Alisher Navoiy va Mirzo Bobur taval­ludi munosabati bilan qadimdan Qozogʻis­ton zaminida yashab kelayotgan biz — oʻzbeklar uchun bir necha yildan buyon alohida dastur asosida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirib, oʻzbek-qozoq xalqlari oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlab kelayotgan Oʻzbekistondagi “Vatandoshlar” jamoat fondiga, ushbu tadbirlarda faol qat­nashib, oʻz ijodi, sanʼati bilan birodarlik aloqalari mustahkamlanishiga munosib his­sa qoʻshib kelayotgan oʻzbekistonlik shoirlar, olimlar, sanʼatkorlarga samimiy minnat­dorlik bildiramiz.

Ahmed Boytursunov nomidagi maktabda oʻtgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham qizi­qarli, rang-barang dastur asosida tayyorlan­gani bilan yodda qoldi. Maktab direktori Larisa Sirotina ushbu taʼlim dargohida oʻz­bek tilini oʻqitish va oʻrganish ilgʻor inno­vatsion vositalar asosida olib borilayotgani toʻgʻrisida maʼlumot berdi:

— Maktabimizda oʻzbek tilida oʻtkazi­ladigan “Ona tilim — jonu dilim” xalqa­ro tanlovi, fan olimpiadalari gʻoliblari koʻp, — deydi u. — Mahoratli oʻqituvchimiz Husnobod Saidaliyeva oʻquvchilarga oʻzbek milliy qoʻshiq va raqslarini oʻrgatadi. Oʻquvchilarimiz shahar va viloyat miqyosida oʻtadigan sanʼat va madaniyat tadbirlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda.

Turkiston viloyati va Chimkent shahridagi maktab oʻquvchilari oʻrtasida Alisher Navoiy asarlarini targʻib etish va oʻrganishga qara­tilgan uch bosqichdan iborat tanlov Chimkent shahridagi Oʻzbek drama teatrida boʻlib oʻtdi. Koʻrik-tanlov qizgʻin bahslar bilan kech­di. Tanlovni navoiyshunos, adabiyotshunos olimlardan iborat nufuzli hayʼat baholab bordi. Hayʼat aʼzolari tarkibida oʻzbekis­tonlik olim, filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyeva ham bor. Ushbu tanlov hamda “Ona tilim — jonu dilim” xalqaro tanlovi, fan olimpiadalari gʻoliblariga bir necha tashkilotlarning, jumladan, qoʻshni respublikada oʻzbek tilida nashr etiladigan “Janubiy Qozogʻiston” gazetasi tomonidan ham qimmatbaho esdalik sovgʻalar topshi­rildi. Tajribali jurnalist va publitsist Rayimjon Aliboyev bosh muharrirlik qilib kelayotgan ushbu gazeta hozir katta adadda chop etiladi. U vatandoshlarimiz orasida qizi­qib oʻqilayotganini ham aytib oʻtmoq joiz, albatta.

Chimkent shahridagi Jumabek Tashenov nomidagi universitet oʻqituvchisi Shahlo No­raliyeva koʻp yillardan buyon shu tanlovlarni oʻtkazishda tashabbuskor va masʼul. Uning taʼ­kidlashicha, Alisher Navoiy asarlari yoshlar­ning ongiga kuch-quvvat beradi, insonlarni, ellarni, xalqlarni birlashtiradi.

Muhtasham teatr sahnasida oʻtgan badiiy- madaniy anjuman yakunida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi yakkaxon xonandalari Dilshod Hayitboyev va Dilnoza Otaxoʻjayeva ijrosida Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur gʻazal­lari asosida xalqona, zamonaviy qoʻshiqlar ijro etildi.

— Qozogʻiston zaminidagi millatdoshla­rimiz, vatandoshlarimizning hayoti bilan yaqindan tanishib, kuzatib, ular har doim yur­timizda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatishiga amin boʻlasiz, — deydi Oʻzbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsulxonasi birinchi kotibi Erkin­jon Abduqayumov. — Xorijdagi vatandosh­larimizning farzandlari asosan ingliz, rus yoki mahalliy tillardagi maktablarda taʼlim oladi. Ular uchun, ayniqsa, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijo­dini chuqur oʻrganish gʻoyat muhim. Chunki al­loma shoirlarning baytlari, hikmatlari, ru­boiylari oʻzga yurtlarda unib-oʻsayotgan oʻzbek bolalari va oʻsmirlar uchun kuchli tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Konsulning fikrlarini Qozogʻistondagi oʻzbek diasporasi faoli, katta hayotiy va meh­nat tajribasiga ega inson — Ikrom Hoshim­jonov ham qoʻllab-quvvatladi:

— Oʻzbek — qozoq, qozoq — oʻzbek azal­dan bir-biriga qiz olib, qiz bergan xalq. Bir-birining xonadonidan hech qachon qa­dami uzilmagan. Qadimdan buyon davom etib kelayotgan ana shu qondoshlik, jondoshlikni yangi davrda yangi bosqichga koʻtargan Oʻzbekis­ton va Qozogʻiston Prezidentlariga biz, nu­roniylar, faxriylar rahmat aytamiz. Keyin­gi yillarda dunyoda roʻy berayotgan keskin va ziddiyatli voqealar mintaqa davlatlarining oʻz kelajagini qurishda hamjihat, hamkor boʻ­lishini taqozo etmoqda.

Hazrat Alisher Navoiyning:

Olam ahli, bilingizkim,

ish emas dushmanligʻ,

Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorligʻ ish

degan hikmatli soʻzlari bugun har qachongi­dan ham dolzarb boʻlib qoldi.

— Faoliyatim davomida yurtimiz boʻylab yoki xorijiy mamlakatlarda koʻp safarlarda boʻlganman va kuzatib amin boʻldimki, Ali­sher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillari boʻlgan yurtdoshla­rimiz, qolaversa, boshqa yurtlardagi aholi orasida ham doʻstlik, birodarlikni mustah­kamlovchi ahamiyatga ega, — deydi telejur­nalist Iqboloy Qirgʻizboyeva. — Shu bois, Navoiy va Boburdan boshlangan adabiy anʼ­analar hozir ham yashab, davom etib kelmoqda.

Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud ayyomiga bagʻishlangan nav­batdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir Oqtov shahridagi “Doʻstlik uyi” boʻlib oʻtdi. Unda vatandoshlarimiz — oʻzbek va qoraqalpoq­lar, shuningdek, ozarbayjon, turk, turkman, chechen, osetin, eron, rus va belarus mil­liy-madaniy markazlari vakillari ishtirok etdi. “Doʻstlik uyi”ning uzun, keng va yorugʻ zallarida oʻzbek milliy liboslari koʻrgazma­si tashkil etildi. Bu yerda ham mezbon tomon­ga oʻzbek tilidagi badiiy kitoblar, milliy cholgʻu asboblari sovgʻa qilindi.

Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻqi­tuvchisi, tarix fanlari doktori Qahramon Matxoliqov taassurotlari, fikr-muloha­zalarini bayon etar ekan, Navoiy va Bobur asarlarining Oʻzbekistonda va xalqaro miqyosda oʻrganilishi, ularni nashr, tar­jima qilish borasida qilinayotgan ish­lar yuzasidan yangi maʼlumotlarni taqdim etdi. Navoiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish hamda yosh avlod ongiga singdirish masalalariga alo­hida eʼtibor qaratdi.

Anjumanda soʻzga chiqqanlar Navoiy va Boburning boy maʼnaviy merosi, jahon tamadduniga qoʻshgan hissasi haqida fikr- mulohazalar bildirdi, madaniy chiqishlar namoyish etildi. Mezbon va mehmonlar oʻr­tasida boʻlib oʻtgan samimiy suhbatlar, iliq muloqotlar va aytilgan ezgu tilaklar kechaga alohida fayz bagʻishladi.

— Oʻzbek kuy-qoʻshiqlari, sheʼrlarini yurakdan sogʻingan ekanmiz, — deydi chim­kentlik millatdoshimiz, bir necha yildan buyon “Vatandoshlar” jamoat fondi tadbir­larida faol qatnashib kelayotgan Yulduz Ja­hongirova. — Aslida, ona tilimizda jonli ijro etilgan qoʻshiqlarga nima yetsin.

“Vatandoshlar” jamoat fondi, Oʻzbekis­ton Respublikasining Oqtov shahridagi bosh konsulligi, Qozogʻiston xalqlari assamb­leyasi, Qozogʻistondagi oʻzbek va qoraqalpoq milliy madaniyat markazlari hamkorligida Atirav shahridagi “Doʻstlik uyi”da Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligi va Zahi­riddin Muhammad Bobur ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan adabiy kecha adabiyot, madaniyat va sanʼat anjumaniga, doʻstlik, birodarlik bayramiga aylanib ketdi.

— Oʻzbekistonda ajdodlar merosiga hur­mat, milliy qadriyatlar va urf-odatlarni as­rab-avaylashga eʼtibor juda yuqori, — dedi Atirav shahri hokimi oʻrinbosari Erdoʻst Abdusattorov. — Nafaqat olimlar va keksa ziyolilar, balki yoshlar ham Navoiyni, Bobur­ni yaxshi biladi. Ularning sheʼrlari, gʻazal­larini yoddan aytadi. Haqiqatan, Navoiy va Bobur asarlari nafaqat oʻzbek va turkiy til­li xalqlar, balki butun dunyo xalqlarining noyob boyligi ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildik. Qozoq va oʻzbek xalqlari oʻr­tasidagi adabiy doʻstlik abadiy doʻstlikka aylanib borayotir.

Diltortar kuy-qoʻshiqlar barchani davraga chorladi, oʻyin tushmagan bir kishi ham qol­madi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qoraqalpo­gʻistonda xizmat koʻrsatgan artist Baxtiyor Jumatoyevning qoʻshiqlarini zalda oʻtirgan vatandoshlarimiz joʻr boʻlib kuyladi.

“Vatandoshlar” jamoat fondi faollari Hojiakbar Isʼhoqov, Odilbek Komilov, Oʻz­bekistonning Oqtov shahridagi bosh konsuli Jamoliddinxoʻja Abdukarimovning jonboz­ligi bilan yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu bayramda milliy madaniyat markazlari, oʻzbek va qozoq yoshlari vakillari ishtirok etdi. Tantanali tadbir oʻzbek, qoraqalpoq va qozoq sanʼat ustalarining kuy-qoʻshiqlari, raqslari bilan yakun topdi. Shuningdek, “Va­tandoshlar” jamoat fondi hamda Qozogʻiston­dagi oʻzbek va qoraqalpoq milliy markazlari bilan kelgusidagi hamkorlik rejalari muho­kama qilinib, yangi loyihalar boʻyicha keli­shuvlarga erishildi.

Xullas, Qozogʻistonda insoniyatni ka­molotga chorlovchi gʻoyalar ijodkori boʻlgan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatil­di. Yuqori saviyada oʻtgan barcha tadbirlar va anjumanlarda ulugʻ mutafakkir va alloma shoirlarning ulkan maʼnaviy merosi bugun ham millatlarni, qalblarni yaqinlashtirish­ga xizmat qilib kelayotgani taʼkidlandi.

Salim ASHUR,

Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist