Noqonuniy baliq ovlaganlar jarimaga tortildi

    Reyd davomida Boʻzsuv kanali atrofida egasiz baliq ovlash moslamalari(lotkalar) aniqlanib, sud tartibida koʻrib chiqilgunga qadar vaqtincha saqlash uchun olib qoʻyildi.

    Joriy yilning 11-yanvar kuni Chinoz tumani Yallama MFY hududidan oqib oʻtuvchi Boʻzsuv kanali atrofida tezkor tadbir oʻtkazildi, deya xabar beradi Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Matbuot xizmati.

    Tadbir davomida fuqarolar E.I, X.F, X.D, D.G. V.A, S.A, H.B, K.M.lar tomonidan noqonuniy tarzda baliq ovlayotganligi aniqlandi. Huquqbuzarlar koʻzdan kechirilganda, ularning yonidan 200 donadan ziyod tovon baligʻi borligi maʼlum boʻldi.

    Holat yuzasidan huquqbuzarlarning yettitasiga MJtKning 90-moddasi,1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarida jarima qoʻllanildi.

    Fuqaro K.M.ga nisbatan MJtKning 90-moddasi, 4-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar sud organiga topshirish choralari koʻrilmoqda.

    Huquqbuzarlardan olingan baliqlar shu kunning oʻzida Chinoz tumanida joylashgan 4-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatiga topshirildi.

    Shuningdek, reyd davomida Boʻzsuv kanali atrofida egasiz baliq ovlash moslamalari(lotkalar) aniqlanib, sud tartibida koʻrib chiqilgunga qadar vaqtincha saqlash uchun olib qoʻyildi.

    Eslatib oʻtilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi “Sirdaryo suv havzasi” shubasi tomonidan oʻtgan 2023-yil davomida noqonuniy baliq ovi boʻyicha 17 marotaba qonun buzilish holati va 3 marotaba elektr qarmoq yordamida qonun buzilish holatlari aniqlangan.

    500 metr oqizma leskali toʻrlar, 4 dona nakitka toʻri va 10 dona rezina va alyumel qayiqlar ashyoviy dalil sifatida olingan. 2 ming metrga yaqin egasi nomaʼlum boʻlgan leskali toʻrlar yigʻishtirib olingan.