Oldindan tuzilgan rejaga koʻra tashkilot nomiga xorijdan import qilingan yuqori stavkali generator, suv purkagich, changyutgich, kir yuvgich kabi qimmatbaho xoʻjalik uskunalari va qurilish anjomlari “vaqtincha saqlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, oʻz omborida yuqoridagi tovarlar oʻrniga jinoiy guruh aʼzolari tomonidan soxta yoʻl-yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilgan qulf, elektrod, tokqaychi va arra kabi 16 turdagi tovarlarga almashtirilayotgan vaqtda toʻxtatib qolindi.

Buni qarangki, yuk egalari ushbu jinoyatni amalga oshirish uchun jinoiy guruhga 20 nafar shaxsni yollab, har birining vazifalarini taqsimlagan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra yoʻl-yuk hujjatlarida koʻrsatilmagan va ashyoviy dalil sifatida olingan 31 turdagi 4 214 dona tovarlarning umumiy qiymati 5 milliard soʻmni tashkil etishi maʼlum boʻldi.

Jinoiy guruhning gʻaraz maqsadlari amalga oshganda edi, davlatimiz gʻaznasiga bor-yoʻgʻi 1 milliard soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari undirilib, 4 milliard 500 million soʻmlikdan ortiq zarar yetkazilar edi.

Mazkur aniqlangan qonunbuzarlik holati yuzasidan hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilyapti.

Korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyati esa bojxona auditidan oʻtkaziladi, deb xabar beradi bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.