Majlisda senator va ekspertlar, mutaxassislar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiya raislari, Yoshlar parlamenti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab yangi tahrirdagi “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etilib, senatorlar tomonidan Qonunning maqsadi, vazifalari hamda qoʻllanilish sohasi yanada kengaytirilganligi, oʻzboshimchalikni hamda vakolatning suiisteʼmol qilinishini taqiqlash, huquqni qoʻllashni rad etishga yoʻl qoʻymasligi kabi yangi prinsiplar bilan toʻldirilganligi eʼtirof etildi.

Qonunning qoʻllanilishi sohasi kengaytirilib, uning pensiya taʼminoti, soliq, bojxona, davlat nazorati, yer uchastkalarini ajratish va olib qoʻyish sohalariga tatbiq etilishi aniq belgilanishi taʼkidlandi.

Ushbu yangi tahrirdagi Qonunning kuchga kirishi natijasida oddiy fuqarolarga bir qator yengilliklar yaratilishi taʼkidlandi. Xususan, “umumiy vakil” instituti, yaʼni bitta murojaat boʻyicha 50 va undan ortiq fuqaro ishtirok etayotgan boʻlsa, ular tomonidan umumiy 1 ta vakil tayinlanishi belgilanadi. Shuningdek, maʼmuriy ish choʻzilib ketishining oldini olish maqsadida barcha jarayonlar bitta majlisda koʻrish choralari ham nazarda tutilyapti.

Qabul qilingan qaror haqida xabardor qilish mexanizmlari oʻzgarib, ommaviy xabardor qilish tushunchasi kiritilyapti. Shu bilan birga ish yuritishni toʻxtatib turishi shart boʻlgan aniq holatlar, sudgacha koʻrib chiqish tartibi, mansabdor tomonidan noqonuniy maʼmuriy aktlar qabul qilinsa moddiy javobgarlik ham belgilangan.

Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilindi. Qonun bilan “Jinoyat Kodeksi”, “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksi hamda “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlarga oʻzgarishlar kiritilyapti va ular yuzasidan tadbir ishtirokchilarining fikr-mulohazalari muhokama etildi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, moddiy madaniy meros obyektlari muhofazasi boʻyicha javobgarlikni belgilash oʻta muhim masalalardan hisoblanib, Jinoyat kodeksining tegishli (168 va 169) moddalarini ogʻirlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilanishi qoʻllab-quvvatlandi.

Qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar natijasida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoʻlovchilarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun oʻz fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtasi taʼminlanishiga, xalqimizga xos boʻlgan milliy va umuminsoniy qadriyatlar, muqaddas qadamjolarimizning munosib saqlanishiga hamda madaniy meros yodgorliklarga hurmatsizlik yoki ularni tahqirlash bilan munosabatda boʻlish holatlarining oldi olinishiga hamda elektron pul mablagʻlarini, plastik kartasidan pul mablagʻini talon-toroj qilish kabi oʻgʻirlik va firibgarlik jinoyatlarini oldini olishga erishiladi.

Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli xulosalar tasdiqlanib, Senat Kengashiga taqdim etish belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.