Mazkur Farmonning maqsadi – yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni taʼminlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy muomalasining obyekti sifatida erkin muomalaga kiritishdan iborat.
Farmonga koʻra, 2021-yil 1-avgustdan:
- Yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida ajratilishi;
- Yer uchastkalari davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
- Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinishi (bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar saqlanib qoladi);
- Ijaraga olingan yer uchastkasidagi koʻchmas mulk boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, yer uchastkasiga ijara huquqi ham yangi mulkdorga oʻtishi;
- Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar ochiq elektron tanlov orqali faqat ijara huquqi asosida ajratilishi;
- Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinishi;
- Barcha hollarda yer uchastkalari faqat boʻsh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratilishi (ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtda yer uchastkasini olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi);
- Davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishi (ushbu yerlar xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin);
- Koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi mulkdorlarga umumiy foydalanish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, 2021-yil 1-avgustdan Vazirlar Mahkamasi faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berishga haqli:
- Davlat ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga – Qishloq xoʻjaligi vazirligining taklifiga asosan;
- Agrosanoat klasterlariga – yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablagʻi depozitga qoʻyilganda, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
- Eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 mln. AQSH dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga koʻra ortib boradi) boʻlgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun – loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablagʻ avvaldan maxsus hisob raqamga joylashtirilganda;
- Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga – ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq toʻlagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).
Yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi (ishchi organ - prokuratura).
Farmonda kadastr organlari yerdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda, ushbu yerga boʻlgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri sudga murojaat qilishi mumkinligi qayd qilindi.
Bundan tashqari Farmonga koʻra, 2021-yil 1-avgustdan hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilindi:
- Yerni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʻl bilan tasarruf qilish;
- Tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, oʻzgartirish, bekor qilish;
- Sugʻoriladigan yerlarni sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʻtkazish;
- Jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xoʻjaligini yuritish uchun yer berish;
- Xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash;
- 2020-yil 1-avgustdan qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar toʻliq bekor qilinadi.
Davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlandi.
Maqsudbek Saidov,
Toshkent shahar sudi raisi oʻrinbosari –
iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi