Navoiy viloyatida yashovchi jinoiy guruh aʻzolari hokim qarorini asos qilib va uni oʻz foydalariga qarata talqin qilib, davlat zahirasida boʻlgan er uchastkasida 13 ta uy qurishgan va oddiy fuqarolarga pullashgan. Noqonuniy qurilish holati aniqlangach va tergov boshlanishi bilanoq, jinoyatchilar bloger va jurnalistlarga murojaat qilib, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan taʻqib qilinayotganliklarni maʻlum qilishgan. Bu haqda muxbirimiz xabar bermoqda.

Guruh aʻzolari qonunga xilof ravishda uy qurib, er olish uchun 13 kishiga soxta hujjat tayyorlashgan. Shundan keyin hokimning 2007-yildagi er ajratish toʻgʻrisidagi qarorining arxiv nusxasini olib, kadastr hujjatini olish uchun davlat xizmatlari agentligiga murojaat qilishgan.

Tekshiruv paytida prokuratura xodimlari tomonidan nomuvofiqlik aniqlangan. “Google xaritalar” tizimi yordamida ilgari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini etishtirish uchun ishlatilgan er uchastkalarida soʻnggi ikki yil davomida soxta hujjatlar asosida noqonuniy qurilish amalga oshirilganligi aniq boʻlgan.

“2020-yilning may-iyunʻ oylarida men ushbu uylar uchun kadastr hujjatlarini tayyorladim, lekin ularning qurilishi hali tugallanmagan edi. Ularni ishga tushirilgan uylar sifatida rasmiylashtirdim. Aslida, bunday kadastr hujjatlarini tuzishdan oldin obʻekt va uning hududini diqqat bilan oʻrganish kerak edi”, - deya taʻkidladi kadastr xodimi.

“Karmana tumani hududining bir qismi Navoiy shahri tarkibiga kirganida, davlat zahirasida boʻlgan maʻlum hududlar qolgan. Biz ushbu uchastkalardan uy qurish uchun foydalanishga qaror qildik. Uy-joyni rasmiylashtirish uchun tanishlarimizning pasport nusxalaridan foydalandik. Ularning bundan xabari boʻlmagan. Har biri olti sotixdan boʻlgan jami 13 ta uy qurdik”, - dedi jinoiy guruh aʻzosi.

Tergov boshlangandan soʻng, jinoyatchilar mavzu atrofida shov-shuv koʻtarishga, blogerlar va ommaviy axborot vositalarini ham qoʻshishga qaror qilishgan. Ular prokuratura xodimlari goʻyo noqonuniy ravishda erni tortib olayotgani haqidagi mish-mish tarqatishgan.

“Xaridorlar soʻroqqa chaqirila boshlaganda, qilmishlarimizni yashirish uchun jurnalist va blogerlarga murojaat qilishga qaror qildik. YOrdam beradi deb oʻylab, yolgʻon maʻlumot tarqatdik”, - dedi jinoiy guruh aʻzosi.

Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deb yozadi batafsil.uz