Noqonuniy yoʻl bilan hajga borganlar Saudiyadan deportatsiya qilinadi

    Xalqaro hamkorlik 22 May 2025 705

    Shuningdek, noqonuniy yoʻl bilan ushbu amallarni bajarishga uringanlar keyingi 10-yil davomida Podshohlikka kirishi taqiqlanganlar roʻyxatiga kiritilishi mumkin.

    Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning maʼlum qilishicha, Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligidan kelib tushgan xabarnomaga koʻra, ruxsatnomasiz haj amallarini bajarishga harakat qilish tegishli tartibda javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, bu borada Saudiya Ichki ishlar vazirligining maxsus bayonoti ham ilova qilingan. Belgilangan tartibga muvofiq haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2025” vizasi boʻlishi shart. Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar — umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qatʼiy yoʻl qoʻymaydi.

    Tushuntirish va ogohlantirishlarga qaramay, hozirda ayrim turfirmalar va uchinchi davlatlar orqali fuqarolarimizni haj ziyoratiga joʻnatishga harakatlar kuzatilmoqda, — deyiladi qoʻmita xabarida

    Saudiya huquq tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan reydlar natijasida noqonuniy ravishda Haj ibodatini amalga oshirishga uringan shaxslarga nisbatan jazo choralari qoʻllaniladi va mamlakatdan deport qilinadi.

    Xususan, noqonuniy yoʻllar bilan haj amallarini bajarish 20 mingdan 100 ming Saudiya riyoligacha moliyaviy jarimalar qoʻllanishiga sabab boʻladi.

    Respublikamizda “Haj“ tadbiri Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-son “Haj“ va “Umra“ tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori asosida oʻtkaziladi.

    Shunga koʻra, “Haj“ tadbiri Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi oʻrtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Shunday ekan, yurtdoshlarimizni turli aldov yoʻllari bilan hajga olib borishni vaʼda qilayotgan firibgarlarga ishonmaslikka chaqiramiz, — deyiladi xabarda.