Norasmiy tarzda Amerikaga ketmoqchi boʻlgan fuqaro oʻn ming AQSH dollariga "uxladi"

    Samarqand viloyati, Samarqand shahrida yashovchi 22 yoshli X.A. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 10.000 AQSH dollar miqdoridagi pul mablag‘lari “Damir” ismli shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Samarqand viloyati, Samarqand shahrida yashovchi 26 yoshli A.T. sodir etganligi aniqlangan.

    Unga koʻra, A.T. “Telegram” messenjerining “USA Mexico otzыvы” nomli guruhida jabrlanuvchi X.A.ga oʻzini “Damir” deb tanishtirib, Meksika davlatiga "charter reys" orqali yuborishini aytib, aldov yoʻli bilan 10.000 AQSH dollar pullarini oʻtkazib olgan va pullarini oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

    Mazkur holat yuzasidan Tergov departamenti tomonidan A.T.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov, tezkor-tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandidagi jinoyatni sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorida jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.