Ijtimoiy tarmoqlarda ishlatilgan tabiiy gaz pulini o'z vaqtida to'lamaslik oqibatida yuzaga kelgan qarzdorlik tufayli elektron gaz hisoblagichlarning avtomatik tarzda o'chib qolishiga alohida urg'u berilmoqda. Ayrim iste'molchilar fikricha, ushbu aqlli gaz hisoblagichlar noreal qarzdorlik va penya uchun o'chirilmoqda. Xususan, O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham noreal qarzdorlik bilan bog'liq ko'plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Jumladan, Namangan shahrida yashovchi Y. A. o'z murojaatida 860 ming so'm qarzdorligi mavjudligi sababli xonadoni tabiiy gaz ta'minotidan uzib qo'yilgani, iste'molchi bir necha marotaba mutasaddilarga murojaat qilgan bo'lsa-da, hech qanday o'zgarish bo'lmaganini qayd etgan.
YAna bir murojaatchi — to'raqo'rg'onlik N. A.ning xonadoniga tuman gaz ta'minoti korxonasidan tabiiy gaz uchun 907 ming so'm qarzdorlik borligi haqida ma'lumot kelgan. Fuqaro esa bundan norozi bo'lgan. Boisi, har oy gaz haqini o'z vaqtida to'lab kelgan. Iste'molchi tuman gaz ta'minotiga qatnayverib kovushi emirilgan.
SHuningdek, ellikqal'a tumani Maxtumquli ko'chasida ijarada turuvchi fuqaro A. N.dan murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatda ham iste'molchiga gaz ta'minoti korxonasi tomonidan 2 million 800 ming so'm noreal qarzdorlik bo'yicha ma'lumot kelgani qayd etilgan. Murojaat o'rganilganda iste'molchining 630 ming so'm qarzi borligi, 2 million 170 ming so'm ortiqcha hisoblangani aniqlandi.
Bundan tashqari, Do'stlik tumanida yashovchi fuqaro M. A. tomonidan ham xuddi shu mazmundagi murojaat kelib tushadi. Unga ko'ra iste'molchiga 2 million 572 ming so'm qarzdorligi to'g'risida noto'g'ri xabar kelgan.
Mazkur murojaatlar o'rganilishi natijasida iste'molchilar foydasiga qariyb 6 million 500 ming so'm mablag' undirib berilishiga erishildi, deya xabr beryapti federatsiya matbuot xizmati.