Norin daryosi chap qirg'og'idagi yemirilish tezkor bartaraf etilmoqda

    Joriy yil 26-yanvar kuni Norin tumanidan oqib o'tuvchi Norin daryosining chap qirg'og'i yemirila boshlagandi.

    Namangan viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabarlariga ko'ra, hozirda holat to'liq nazoratga olingan. Jarayonga boshqarma hamda favqulodda vaziyatlarda davlat quyi tizimlari, soha mutaxassislaridan iborat jami 381 nafar ishchi-xodim jalb etilgan, tezkor shtab tuzilgan. Maxsus kuchlar va 112 ta texnika, barcha zarur vositalar zudlik bilan eltib berilmoqda.

    Bosh vazir o'rinbosari Ochilboy Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Abdulla Qo'ldoshev bugun - 27-yanvar sanasi ertalab Namanganga yetib kelishdi va Norin daryosi hududiga borishdi. Ayni vaqtda ham shaxsan shu mas'ullar va viloyat sektor rahbarlari ishtirokida daryo chap qirg'og'ining yemirilishini bartaraf qilish va chekkalarini tiklash, dambani mustahkamlash ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.