Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, iqtisodiy va investitsion sohalar masʼullari qirgʻizistonliklarga hamrohlik qildilar.
Dastlab mehmonlar Fargʻona tumanidagi “Vodiy Shoes” poyabzal ishlab chiqarish va “Bahodir Logʻon” paxta-toʻqimachilik klasteriga qarashli ip-kalava va mato ishlab chiqarish korxonalaridagi ish jarayonini koʻzdan kechirishdi. Klaster rahbari Moʻminjon Yoʻldoshev Qirgʻiziston delegatsiyasi aʼzolarini ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishtirib, korxonalarning texnik imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.

“Bahodir Logʻon” klasteri hamda Norin viloyatining Atbashi tumani oʻrtasida ushbu tuman hududida kartoshka yetishtirish hamda chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha katta hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Yetishtiriladigan kartoshka Oʻzbekistonga eksport qilinishi koʻzda tutilgan. Bu hamkorlik natijasida Oʻzbekistonda tashkil etilgan klaster tizimi Qirgʻizistonda ham yoʻlga qoʻyiladi. Klaster tomonidan tuman aholisi hamda fermerlar shartnoma asosida texnika, mineral oʻgʻit, urugʻlik kartoshka, maosh bilan taʼminlanadi. Bugun ushbu kelishuv asosida Norin viloyatiga “Bahodir Logʻon” klasteriga qarashli oʻnta traktor joʻnatildi.
Norin viloyati vakillari Quvasoy shahridagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida boʻlib, ishlab chiqarilayotgan xalqaro standartlarga mos shisha va oyna mahsulotlari bilan tanishishdi, loyiha qiymati 70 million dollar boʻlgan va ishga tushish arafasida boʻlgan yangi list oynasi ishlab chiqarish liniyasini oʻrganishdi.
Toshloq tumanida 1 gektar maydonda joylashgan “Diamond Fruts” MCHJ limonchilik kompleksida amalga oshirilayotgan ishlar ham mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Qirgʻizistonlik mehmonlar Margʻilon shahrida ham boʻlib, “Hunarmandlar markazi” bilan tanishishdi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilgan, 600 nafar usta faoliyat koʻrsatib kelayotgan va 200 dan ortiq turdagi atlas va adras toʻqish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan ushbu markaz faoliyati mehmonlarning eʼtiborini tortdi.

Margʻilondagi “Golden Valley Fasteners” korxonasidagi zamonaviy bolt, gayka va burama mix ishlab chiqarish jarayonlari ham Qirgʻiziston delegatsiyasi vakillari tomonidan oʻzaro hamkorlikning yana bir yoʻnalishi sifatida qabul qilindi.