Tumanda jami 166,7 ming nafar aholi, 31 ming 801 ta xonadon bo'lib, mehnatga layoqatli aholi soni 68,2 ming nafarni tashkil etadi. Ularning 4656 nafari yoki 10,9 foizi ishsizlar hisoblanadi. Tumandagi 57 ta mahalla fuqarolar yig'inilaridan 15 tasi yashil, 30 tasi sariq hamda 12 tasi qizil hududlarga ajratilgan.

2021 yilda 174 ta oila “Temir daftar”ga kiritilgan, “Ayollar daftari”da 2012 nafar va “YOshlar daftari”da esa 3098 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar mavjud.

Tumanda “mahallabay” tizimi asosida ish tashkil qilish bo'yicha 57 ta mahallaga iqtisodiy majmuadan jami 151 nafar malakali xodimlar doimiy vakil sifatida biriktirilgan. Mahallalar ixtisoslashuvidan kelib chiqib aholi daromadlarini oshirish, bandligini ta'minlash bo'yicha “drayver” sohalar aniqlangan.

Har bir sektorda “boshqaruv ofislari” tuzilgan. Ular tomonidan “Ayollar daftari”, “YOshlar daftari” hamda “Temir daftar”dagi ehtiyojmand oilalar a'zolarining tadbirkorlikni boshlash, kredit va boshqa masalalardagi muammolarini muvofiqlashtiruvchi guruhga kiritib, joyida hal etish choralari ko'rilmoqda.

Bugungi kunga qadar 22 ming 663 ta xonadon xatlovdan o'tkazilib, ularda 4892 ta muammolar aniqlangan, shundan 2943 tasi hal etilgan. Aniqlangan muammolar asosan ishga joylashtirish, moddiy yordam, bank krediti olish, sog'lig'ini tiklashga amaliy yordam, er masalasi, ko'chani asfal`tlash, gaz, suv masalalariga to'g'ri keladi.

O'tkazilgan so'rovlar natijasida tumandagi 1964 ta xonadon egalarining “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida bank krediti olish bo'yicha talablari aniqlanib, hozirgi kungacha jami 1016 ta oilaga 11 mlrd. 962 mln. so'm bank kreditlari berilgan. Bank kreditlari parranda, qo'y, qoramol, quyon, asalari, tikuv mashinasi sotib olishga, issiqxona qurishga va qandolatchilikni yo'lga qo'yishga yo'naltirilgan.

Qizil xududga kirgan 12 ta MFYlarining har birida ijtimoiy-iqtisodiy ko'rsatkichlarning o'sishini va aholi bandligini ta'minlash maqsadida texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilib, ushbu MFYlarida tadbirkorlik sub'ektlari sonini ko'paytirish orqali ko'zlangan maqsadga erishish choralari ko'rilmoqda.

Shuningdek, tumanda tikuvchilik yo'nalishi asosiy “drayver” soha sifatida tanlanib, 57 ta MFYda tikuvchilik yo'nalishida 47 ta ishlab chiqarish kooperativi tashkil etilib, subsidiya asosida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “YOshlar daftari”ga kiritilgan 2 ming 460 nafar fuqarolarning bandligini ta'minlash belgilab olingan. Ushbu rejalarni amalga oshirish maqsadida 6 ta tikuvchilikka ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarish kooperativlari 726 mln. so'm subsidiya mablag'lari hisobiga ish boshlagan va 296 nafar fuqarolarning bandligi ta'minlangan.

Tumandagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 728 nafar fuqaroga 147,5 gektar er maydoni, o'rtacha 20 sotixdan ajratib berilgan. YOshlar tomonidan ushbu maydonga ekin ekish ishlari boshlangan.

Shu bilan birga, tashkil etilgan kasb-hunarga o'qitish markazlari orqali 317 nafar ishsizlar kasbga o'qitilmoqda va shu maqsadda qo'shimcha yana 4 ta o'quv markazlari tashkil etish ishlari boshlangan.

Ishonamizki, yil oxiriga qadar belgilangan vazifalar o'z ijrosini topadi va pirovardda aholining, ayniqsa yoshlarning turmush darajasini oshirishga erishiladi.

 Zafar XUDOYBERDIEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati