Normat Tursunov Navoiy viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi

    Bugun, 5-noyabr kuni xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

    Sessiya viloyat saylov komissiyasi raisining joriy yil 27-oktyabrda boʻlib oʻtgan saylov yakunlari toʻgʻrisida axborot berilishidan boshlandi.

    Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi raisligiga 30-Tamabaxrin saylov okrugidan saylangan deputat Aliyev Gʻofir Quvatovich saylandi. Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari roʻyxatdan oʻtkazilib, viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.

    Qonunchilikka asosan, viloyat hokimi lavozimiga nomzod Prezident tomonidan koʻrsatilib, partiya guruhlari bilan maslahatlashuv oʻtkaziladi. Bugungi sessiya davomidagi maslahatlashuv natijalariga koʻra, Tursunov Normat Tulkunovich bir ovozdan Navoiy viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.