Uslubiyot normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan oʻtkazish jarayonlarini uslubiy jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
Tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi qonun hujjatlarining ijrosi ular kuchga kirgandan soʻng 5-yil davomida, qonunosti hujjatlarining ijrosi esa ular kuchga kirgandan soʻng 3-yil davomida majburiy ravishda har yili monitoringdan oʻtkaziladi.
Monitoring normativ-huquqiy hujjatda uning monitoringi oʻtkazilishiga bevosita masʼul etib belgilangan davlat organi tomonidan, masʼul organ belgilanmagan hollarda tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilishini tahlil qilish, uning ijrosi va natijalarini muntazam hamda tizimli ravishda kuzatib borish monitoring qilishning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligini baholash uchun indikatorlar quyidagi toifalarga boʻlinadi:
— resurs koʻrsatkichlari ;
— amaliyot koʻrsatkichlari ;
— natijadorlik koʻrsatkichlari.
Vazirlik va idoralar har yili 1-fevralgacha oʻtkazilgan monitoring natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni majburiy ravishda oʻzlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi hamda tegishliligiga qarab “Ijro.gov.uz” va Adliya vazirligiga taqdim etadi.