Taqdimot davomida portalning funksional imkoniyatlari kengaytirilib, foydalanuvchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratilganligi qayd etib oʻtildi.

Endilikda loyiha ishlab chiquvchilar tomonidan qonun hujjatiga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni koʻrish mumkin boʻladi. Buning uchun portalda toʻldirish majburiy boʻlgan maydonlar nazarda tutilgan. Oddiy soʻz bilan aytganda axborot-tahliliy materiallarsiz loyihani portalga yuklab boʻlmaydi. Shubhasiz, bu jamoatchilik manfaatiga xizmat qiladi. Foydalanuvchilar tegishli loyiha nima uchun ishlab chiqilganligi, unda nima nazarda tutilganligi, davlat byudjetidan qancha xarajat talab qilinishi mumkinligi va uni qabul qilishning boshqa oqibatlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin boʻladi.

Zarur axborotni qidirish mezonlari va shunga muvofiq turli statistik maʼdumotlarni tuzish imkoniyati ancha kengaytirildi. Kerakli loyihani kalit soʻzlar, raqamlar (ID va boshqa raqamli rekvizitlar), ishlab chiquvchilar, qonun hujjatining sanasi va shakli boʻyicha qidirish mumkin. Shuningdek, qonunchilik tarmoqlarining Umumhuquqiy klassifikatori asosida qidirish imkoniyati ham yaratilgan. Shunday qilib u yoki bu sohada qonunchilik faolligini monitoring qilish mumkin.

Shaxsiy kabinetning avvalgi koʻrinishi va imkoniyatlari qayta koʻrib chiqildi. Foydalanuvchilar oʻzlari faoliyat yuritayotgan sohani koʻrsatishlari va shundan kelib chiqib, oʻzlariga kerakli boʻlgan maʼlumotlarni pochta orqali joʻnatilishiga obuna boʻlishlari, qiziqarli mavzular boʻyicha turkumlashtirilgan ruknlarni tuzishlari, turli xil soʻrovnomalarda qatnashishlari va portalga joylashtirilgan loyihalarga sharhlar qoldirishlari mumkin.

Sharhlash funksiyasi butun loyihaga, uning alohida qismiga, unga ilova qilingan axborot-tahliliy maʼlumotlarga sharh qoldirish, tahrirlash (grammatik xatolarni tuzatish, grammatik xatolar toʻgʻrisida ishlab chiquvchilarga xabar berish) kabi imkoniyatlardan iborat. Portalning har bir foydalanuvchisi ishlab chiquvchiga oʻz versiyasini yuborishi, korrupsiyaviy, gender omillari va boshqalarni koʻrsatib oʻtishi mumkin. Bundan tashqari, loyihaning mazmunini, matnda ishlatilgan atamalarni tushunishning osonligini, umuman, loyihaning sifatini va ishlab chiquvchining ishini baholash imkoniyati yaratildi.

Ushbu chora-tadbirlar norma ijodkorligi jarayoniga jamoatchilikning qiziqishini oshirishga, turli tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda puxta ishlangan, shuningdek, loyiha matnini tushunish va uni amalda qoʻllashni osonlashtiradigan sifatli qonunchilik hujjatlarini tayyorlashga xizmat qiladi.

Hozirda portal test rejimida ishlamoqda. Adliya vazirligi vakillari ushbu portalni foydalanuvchilar uchun iloji boricha qulaylashtirish niyatida. Shu munosabat bilan, qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiquvchilar va foydalanuvchilar portalni modernizatsiya qilish jarayonida shaxsan ishtirok etish imkoniyatiga ega. Buning uchun takliflar va tavsiyalarni muhokama@adliya.uz elektron pochta manziliga yuborishingiz kerak.