Ushbu anjumanda vazirlikning davlat huquqiy xizmatlarini tartibga solish boshqarmasi bosh maslahatchisi Maʼsum Xatamov hamda Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurovlar notariat sohasini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berdilar.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Notarial palatasi 2020-yil yanvar oyida Nodvalat notijorat tashkilot sifatida tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda unga mamlakat hududlarida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi 872 nafar notarius aʼzo boʻlgan.

Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov Notarial palata tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli faoliyat, shu jumladan, xorij hamda mahalliy hamkorlik memorandumlari imzolash orqali notariat sohasini takomillashtirish, aholiga har tomonlama qulayliklar yaratish, koʻrsatilayotgan notarial harakatlarning sifatini yaratish hamda yagona amaliyotni joriy qilish iborat ekanligi taʼkidlab oʻtdi.

2021-yilning 1-yarim yilligi davomida notariuslar tomonidan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq 148 750 ta shartnomalar rasmiylashtirildi. Shundan kvartirani, uyni yoki uning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha 108 723 ta oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan. 27 752 ta hadya shartnomasi, 139 ta ayirboshlash shartnomasi roʻyxatdan oʻtkazilgan. 14 ta korxona oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash boʻyicha shartnoma, 12 045 ta noturar joy oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash boʻyicha shartnoma, fuqaro hayotligi davomida qarab turish boʻyicha 77 ta shartnoma rasmiylashtirilgan.

Avtomashina oldi-sotdi shartnomasi soni jami 209 322 tani tashkil qilgan boʻlsa, 8 400 ta hadya shartnomasi, 46 ta ayirboshlash shartnomasi rasmiylashtirilgan. 55 525 ta avtomototransportni ijaraga berish boʻyicha ijara shartnomasi rasmiylashtirilgan.

Koʻchmas mulkni tasarruf etish huquqi bilan (oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash) shartnomalar, turar-joy ijarasi, noturar joy ijarasi, vasiyat, qarindoshlarga va boshqa shaxslarga meros boʻyicha guvohnoma, meros mulkini koʻrish boʻyicha koʻrilgan choralar, er-xotinning umumiy mulkidagi oʻz mulki boʻyicha guvohnoma, avtotransportni boshqarish boʻyicha qarindoshlar va oʻzga shaxslarga berilgan ishonchnoma, tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnoma va boshqa ishonchnomalar boʻyicha jami notarial harakatlar 2 128 878 tani tashkil qildi.

Shulardan notarial idoradan tashqarida tasdiqlangan notarial harakatlar (sayyor xizmat) – 7 539 tani, davlat bojidan ozod qilingan notarial harakatlar – 21 887 tani tashkil qildi.

Raqamlar tahlili boʻyicha yarim yil davomida bir nafar notarius oʻrtacha

2 441ta notarial harakatlarni amalga oshirdi.

Ayniqsa, Tashqi ishlar vazirligi hamda konsullar bilan olib borilayotgan yaqindan hamkorlik notarial harakatlar boʻyicha sodir etilishi mumkin boʻlgan firibgarlik hamda qonun buzilishlarning oldini olishga katta hissa qoʻshmoqda.

Vaqtincha chet ellarda istiqomat qilayotgan fuqarolar notarial harakatlarni uzoqdan turib amalga oshirishlari boʻyicha nima ishlar qilingan? Hujjatlar haqiqiyligi qanday tekshirilmoqda?

Adliya vazirligi masʼul xodimi Maʼsum Xatamov taʼkidlaganidek, hozirgi kunda vaqtincha chet ellarda istiqomat qilayotgan fuqarolarimiz Kiyev konvensiyasi, Gaaga xalqaro shartnomasiga kirgan mamlakatlarda notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notariuslarga borishlari yoki konsulxonalarga murojaat qilishlari mumkin. Shu bilan birga, Notarial palata raisi Dilshod Ashurov Tashqi ishlar vazirligi bilan tashkil etilgan “Telegram” messenjeridagi muloqot guruhi orqali xorijdagi hamyurtlarimiz tomonidan imzolangani u yoki bu notarial hujjatlarning haqiqiyligi tekshirilmoqda, har ikkala taraf hamkorlikda fuqarolarga qulaylik yaratilganligini aytib oʻtdi.

Notariuslar faoliyati qanday nazorat qilinmoqda? Birinchidan, Maʼsum Xatamov aytganidek, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan har bir notariusning har bir harakati koʻrinib turadi va Adliya vazirligi tomonidan nazorat qilinadi. Bundan tashqari, Notarial palataning “Telegram” messenjeridagi “Notarius maslahati Chat” muloqot chati orqali fuqarolar uchun 24 soat davomida notariuslarning xatti-harakati boʻyicha murojaatlar va notarial harakatlar yuzasidan savollar berish imkoniyati yaratilgan. Har bir murojaat va savollar javobsiz qoldirilmaydi.

Matbuot anjumanida ishtirok etayotgan jurnalistlar shuningdek, ikkilamchi bozorda avtomototransport vositalarini rasmiylashtirish boshqa mamlakatlardagiga qaraganda qimmatligiga eʼtibor qaratishdi. Bu borada Adliya vazirligi masʼul xodimi tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda avtomototransport uchun yoʻl fondi uchun toʻlovni bir marotaba undirish masalasi koʻrib chiqilayotganligi, bu masala yaqin muddatlarda ijobiy hal etilishi boʻyicha axborot berdi.

Shuningdek, OAV xodimlariga kuni kecha eʼlon qilingan “Notariat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida nizom” haqida Hukumat qarori (464-son, 27.07.2021-y.) toʻgʻrisida maʼlumot berildi.