Noto'g'ri hisoblangan soliq qarzdorligi

    Adliya idorasi talabi bilan sud orqali hisobdan chiqarildi

    Andijon viloyat adliya boshqarmasiga fuqaro M.Yuldashevadan Andijon shahar soliq inspeksiyasi tomonidan ortiqcha 75.437.000 soʻm yer va mulk soligʻi hisoblanganligidan norozi boʻlib qilgan murojaati kelib tushdi.

    Murojaatni oʻrganib chiqish davomida fuqaroga tegishli boʻlgan mulkka taʼsircha soliq hisoblashda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-avgustdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 666-son qarori talablarini qoʻpol ravishda buzgan holda soliq hisoblanganligi aniqlandi.

    Xususan, Qarorining 5-bandida foydalanilmayotgan obyekt begonalashtirilganda, ushbu obyekt mulkdoriga nisbatan 1-ishchi guruhining xulosasi asosida qoʻllanilgan taʼsirchan soliq mexanizmi yangi mulkdorga nisbatan ham qoʻllaniladi deb belgilangan.

    Soliq organi tomonidan koʻchmas mulk obyektida mulkdor oʻzgarganligi sababli qaytadan xatlov oʻtkazilmagan, yoki xatlov oʻtkazish uchun qarorda koʻrsatilgan tartibda 1-ishchi guruhga xatlovdan oʻtkazish haqida talabnoma yuborilmagan, yangi mulkdorga taʼsirchan soliqni qoʻllash uchun 1-ishchi guruh xulosasi olinmagan, soliq organi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari natijasida mazkur koʻchmas mulk obyekti boʻyicha soliq ushbu mulkka eski mulkdor nomidan 2022-yil may oyiga qadar taʼsirchan soliq hisoblangan, faqatgina 2022-yil iyul oyiga kelib ushbu obyekt mulkdori sifatida M.Yuldasheva koʻrsatilgan. Buning natijasida hisoblangan oshirilgan soliq stavkasidagi soliq qarzi miqdori oshib ketgan.

    Agarda soliq organi tomonidan oʻz vaqtida xatlov ishlari olib borilganida ushbu obyekt boʻyicha yangi mulkdor M.Yuldasheva ekanligi, u tomonidan mazkur obyektda qurilish ishlari olib borib, 2020-yil dekabr oyida ushbu koʻchmas mulkni ijaraga berish orqali xoʻjalik faoliyatiga jalb qilinganligi aniqlangan boʻlardi.

    Yuqorida keltirilgan normaga asoslangan holda Andijon shahar Davlat soliq inspeksiyasiga nisbatan “Andijon shahar Davlat soliq inspeksiyasining M.Yuldashevaga tegishli boʻlgan mulk uchun taʼsirchan soliq hisoblash hamda jami 75.437.000 soʻm soliq qarzdorligini hisoblashda ifodalangan xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topish haqida Andijon tumanlararo maʼmuriy sudiga daʼvo ariza kiritildi. Sud ishni koʻrib chiqib adliya boshqarmasining talabini qanoatlantirdi. Natijada fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.