Tadbir davomida O'zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, hususan, yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, yoshlarning ta'lim olishlari va ular uchun munosib mehnat sharoitlari yaratib berilayotgani haqida atroflicha fikr yuritildi.

Shu bilan birga, O'zbekiston Prezidentining 2021-yil 11-avgustdagi “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to'g'risida”gi hamda 2022-yil 1-martdagi “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a'zolarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorlariga alohida e'tibor qaratilar ekan, ushbu muhim hujjatlarning hayotga tadbiq etilishi va salmoqli natijalari bilan bog'liq ma'lumotlar tadbir qatnashchilarining e'tiboriga havola qilindi.

Shundan so'ng uchrashuv ochiq muloqot, ya'ni savol-javob tarzida davom etdi. Talaba yoshlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Bosh konsulxonaning 2022- yil davomida Sibir federal okrugi hududidagi o'zbek talabalari bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar rejasi bilan ham tanishtirildi.

Uchrashuv qatnashchilari orasidagi “el-yurt umidi” jamg'armasi yo'llanmasi bilan ta'lim olayotgan yoshlar vakillari so'zga chiqib, tashkil etilgan ochiq muloqot uchun tengdoshlari nomidan minnatdorlik bildirishdi.

Uchrashuv yakunida talaba yoshlar orasidagi o'zbek qizlari Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan Bosh konsulxona tomonidan qutlandi. Ularga esdalik sovg'alari topshirildi.