Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari har toʻlov oyining 2-kuniga qadar toʻlov topshiriqnoma (vedomost)lar shakllantiradi va vedomostlar oyning 4-kuniga qadar pensiyani fuqarolarga yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-sonli qarori bilan, pensiya toʻlovlari uchun talab etiladigan mablagʻlarni Pensiya jamgʻarmasi har oyning 5-sanasiga qadar pensiya oluvchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga (plastik kartalarga) moliyalashtirilishi belgilangan.
Xalq banki tomonidan naqd shaklda pensiya oluvchilarning mablagʻlari tasdiqlangan grafiklar asosida sayyor kassalar tomonidan har oyning 4-27 sanalarida mahalla fuqarolar yigʻini (MFY)ga borgan holda toʻlab beriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan bank plastik kartada pensiya oluvchi fuqarolarga pensiya mablagʻlari 5-noyabrgacha, naqd pul shaklida oluvchi fuqarolarga esa 27-noyabr sanasiga qadar toʻlab berilishi rejalashtirilgan.