“Nukus davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-25-son, 24.01.2025-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti

Nukus filiali negizida Nukus davlat texnika universiteti tashkil etiladi.

Sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish Universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Universitetda Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi.

2025/2026 oʻquv yiligacha Universitetda tajriba-ishlab chiqarish (“spin-off”) korxonasi tashkil etiladi.

2025/2026 oʻquv yilidan:

  • Universitet talabalarining fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi joriy etiladi.
  • Amudaryo muhandislik-texnologiyalar texnikumida muhandislik sohalaridagi kasblar boʻyicha kasbiy taʼlim dasturlarida toʻliq davlat granti asosida oʻrta boʻgʻin kadrlari tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Hozirda tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi va bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.