Aziz o'quvchi, siz ijtimoiy tarmoqlar, televidenie va gazetalar orqali hodisa tafsilotlari bilan tanishsiz. Shunday bo'lsada, oxirgi va ishonchli ma'lumotlarga asoslanib aytishimiz mumkinki, ommaviy tartibsizlik 1 iyul` kuni soat 14:00 da “Qum ovul” MFYda joylashgan “Salmen ota” masjidida juma namozini o'qib chiqayotgan fuqarolarga o'zini Dauletmurat Tajimuratov, deb tanishtirgan fuqaroning murojaati bilan boshlangan. U tinch aholini 5 iyul` kuni soat 17:00 da mitingga chaqiradi. Bu chaqiriq yozilgan video o'sha zahotiyoq Dauletmuratning tarafdorlari tomonidan internet tarmog'iga joylanadi va keng tarqatiladi.
Shahar bedarvoza emas. Noqonuniy xatti-harakatlar, ayniqsa u jamoat xavfsizligi va jamiyat tinchligi bilan bog'liq bo'lsa, darhol chora ko'riladi. SHu bois, huquqni muhofaza qiluvchi organ mas'ul xodimlari Dauletmurat Tajimuratovni aholini mitingga chaqirishdan ko'zlangan maqsadni bilish va miting o'tkazish tartibini tushuntirish maqsadida Nukus shahar ichki ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'limiga olib keladi.
Shundan so'ng, 20-25 fuqaro “Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi”, degan noto'g'ri talqin bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV 2-son tergov hibsxonasi oldiga yig'iladi va “Mir” ko'chasi bo'ylab T.Qaypbergenov ko'chasi orqali shahar markaziy dehqon bozori oldiga qarab norozilik yurishini amalga oshiradi.
Yo'l-yo'lakay ular boshqa fuqarolarni ham o'zlari bilan birga yurishga chaqiradi va namoyishchilar soni ortib borveradi. Syu fursatda fuqarolarni tinchlantirish uchun tegishli choralar ko'rilib, voqea joyiga Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi raisi M.Kamalov, Qoraqalpog'iston ichki ishlar vaziri A.Orinbayev va boshqa rahbarlar etib keladi. Ular noqonuniy namoyishchilar bilan suhbatlashib, talablarini eshitadi.
Tartibsizliklar ishtirokchilari fuqaro D.Tajimuratovni shu erga olib kelish talabini qo'yadi. Bu talab bajariladi. Namoyishchilar olomondan foydalanib Jo'qorg'i Kenges Raisining xizmat avtomashinasi tom qismiga D.Tajimuratovni chiqaradi va unga to'n kiydirib, yangi rahbar, deya e'lon qilmoqchi bo'ladi.
Ommaviy tartibsizlar tashkilotchilari bilan muzokaralar olib borilishiga qaramasdan, ular amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o'zgartirish, hokimiyatni bevosita bosib olish, qonuniy tayinlangan hokimiyat vakilini chetlatish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi binosi tomon harakatlanadi. Ular harakat davomida o'zlari bilan yog'och tayoq, tosh, temir jismlar ko'tarib harbiy xizmatchilarga faol qarshilik ko'rsatadi. SHuningdek, tartibbuzarlar harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo'ysunmasdan, maxsus vositalarini tortib olishga urunadi.
Tezkor ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida ommaviy tartibsizliklar ishtirokchilari tarqatib yuboriladi. Ammo bu paytda Qoraqalpog'istonning boshqa tumanlarida ham fuqarolar to'planib, Nukus shahri tomon harakatlanish boshlagan edi. Namoyishchilarning bir qismi tushuntirish ishlaridan so'ng tarqaladi, lekin qolgan jinoiy unsurlar tomonidan da'vat qilinganlari Nukus shahri tomon harakatdan to'xtamaydi.
O'zbekiston tinchlikparvar va o'z xalqini, fuqarolarini har qanday vaziyatda, ular xoh chet davlatda bo'lsin, himoya qilishga qodir mamlakat.
Qoraqalpog'istonning ayrim tumanlarida bir vaqtning o'zida boshlangan ommaviy tartibsizliklar va davlat boshqaruvi yakdilligini buzishga urunishlar tezda, noqonuniy kuch ishlatilmasdan bartaraf etilgani ham fikrimiz dalilidir.
Shu o'rinda bu ommaviy tartibsizliklarga jiddiy tayyorgarlik ko'rilganmidi yoki uni boshqaruvchi kuchlar kimlar edi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Qoraqalpog'iston Respublikasi hududining komendaturasi mas'ul xodimlari ma'lum qilishicha, hozirda ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilari sifatida gumonlanganlar qo'lga olingan va tergov-surishtiruv ishlari boshlangan. Tez orada barcha tafsilotlar oydinlashishi va jinoyatchi guruh, aybdorlar tegishli jazosini olishiga ishonamiz. Bunga shubha yo'q. Chunki bizda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar.