Fuqarolik ishlari boʻyicha Nukus tumanlararo sudining ijro hujjatlariga asosan javobgar “Nukus davlat oʻrmon xoʻjaligi”dan 55 ta ishchi xodimning deyarli 326 mln soʻm oylik ish haqlari va maʼnaviy zarar undirish belgilangan.

Shunga qaramasdan, javobgar “Nukus davlat oʻrmon xoʻjaligi” tomonidan ushbu sud qarori ijrosi taʼminlanmagan va ishchilarning ish haqlari toʻlab berilmagan.

Shunda, ishchi xodimlar sud qaroriga asosan chiqarilgan ijro varaqalarni ijrosini taʼminlab berishni soʻrab, Majburiy ijro byurosi Nukus tuman boʻlimiga topshirilgan va boʻlim tomonidan ijro ishi qoʻzgʻatilib, ijro harakatlariga kirishilgan.

Xususan, boʻlim davlat ijrochisi tomonidan javobgar “Nukus davlat oʻrmon xoʻjaligi”ning bosh hisobchisiga ijro hujjati ijrosi 15 kunlik muddat ichida taʼminlanishi lozimligi, ijrosini taʼminlamaslik javobgarlikka tortishga va majburiy ijro harakatlariga kirishishga asos boʻlishi haqida bir necha marotaba ogohlantirishlar berilgan.

Shunga qaramasdan javobgar tomonidan ijro hujjati talablari bajarilmaganligi sababli, tashkilotning asosiy bank hisob raqamlari xatlovga olingan va bosh hisobchiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 198 prim 1-moddasiga muvofiq, jarima jazosi qoʻllanildi.