Oliy Majlis palatalari kengashlarining 2022-yil 15-iyuldagi qoʻshma qarori bilan Ombudsman F.Eshmatova boshchiligida 14 nafar deputatlar, senatorlar, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan Qoraqalpogʻistonda roʻy bergan voqealarni oʻrganish boʻyicha komissiyaning axboroti Parlament palatalari kengashlarining qoʻshma yigʻilishida koʻrib chiqildi.
Komissiya, Qoraqalpogʻistonda yuz bergan voqealarning kelib chiqish sabablari, xronologiyasi va oqibatlari, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda davlat idoralari va huquq-tartibot organlarining harakatlariga baho berdi, voqealar ishtirokchilariga nisbatan sud majlislarini kuzatdi, 30 nafar sudlanuvchi komissiya iltimosiga koʻra sud zalidan ozod etildi, sudlanuvchilar saqlanayotgan tergov hibsxonalariga monitoring tashriflarini amalga oshirdi, shuningdek voqealardan keyin Qoraqalpogʻistonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlarni kuzatib bordi.
Komissiya faoliyati davomida fuqarolardan kelib tushgan jami 600 dan ortiq murojaat ijobiy hal etdi. 50 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlarga tashrifi davomida 590 nafar xodim, 334 nafar qamoq jazosini oʻtab chiqqan shaxslar bilan suhbatlashdi.
Jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari (2 nafar ayol) Komissiya iltimosnomasiga koʻra oilasiga qaytarildi.
Komissiya BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi va boshqa xalqaro tashkilotlar hamkorlik qildi, shuningdek xalqaro nohukumat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda boʻlib turdi.
Komissiya tomonidan uning faoliyati Internetning “Telegram” ijtimoiy tarmogʻidagi “Independent Commission_uz” rasmiy sahifasida (oʻzbek, qoraqalpoq, rus tillarida) toʻliq eʼlon qilib borildi.
Qoraqalpogʻistonda yuz bergan voqealarning ishtirokchilaridan 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun ogohlantirilgan, 6 135 nafariga maʼmuriy jarima, 2 639 nafariga maʼmuriy qamoq jazosi belgilangan, 61 nafari jinoyatlar sodir etganligi aniqlanganligi qayd etildi.
Tartibsizliklar natijasida fuqarolar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining ogʻir tan jarohati olishi va halok boʻlishi, shuningdek, fuqarolar va davlat idoralarining mol-mulkiga katta miqdorda (6,8 mlrd soʻm) moddiy zarar yetganligi maʼlum boʻldi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ommaviy tartibsizliklarni maʼmuriy binolardan uzoqlashtirish, va tarqatib yuborish, maʼmuriy bino va strategik obyektlarni egallashga urinishlarni bartaraf etish maqsadida xalqaro amaliyotda qoʻllaniladigan vositalar (suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika, koʻzdan yosh oqizuvchi maxsus granatalar)dan foydalanilgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro, shu jumladan 2 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari vafot etgan va 413 nafari jarohatlangan (shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari).
Tergov va sud jarayonida ishtirok etgan gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari (advokat, tibbiy yordam, telefonda soʻzlashish va h.k.) toʻliq taʼminlangan, sud qarorlari ustidan shikoyat kiritish imkoniyati berilgan. Barcha sud jarayonlari ochiq va shaffof oʻtkazilganligi qayd etildi.
Shu bilan birga, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish jarayonlarida inson huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini buzishga yoʻl qoʻygan ichki ishlar organlari xodimlarining 3 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat organlariga komissiya quyidagi tavsiyalarni bildirdi:
– kelgusida davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim qarorlarni qabul qilish jarayonida umumxalq muhokamasi bosqichida mazmun-mohiyatini, unda ishtirok etish mexanizmlarini fuqarolarga toʻlaqonli tushuntirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
– barcha darajadagi davlat hokimiyati organlariga muhim siyosiy va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ehtimoliy haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, chalgʻituvchi va noxolis maʼlumotlar tarqalishi (dezinformatsiya) holatlariga oʻz vaqtida taʼsirchan munosabat bildirish tizimini yoʻlga qoʻyish;
– fuqarolarga oʻz ijtimoiy faolliklarini amalga oshirish jarayonida oʻzga shaxslarning huquqlarini poymol qilishga yoʻl qoʻymaslik va jamoat tartibiga rioya qilishning muhimligini izchil tushuntirib borish;
– aholi koʻp toʻplanadigan va koʻngilochar joylarda boʻluvchi fuqarolarning jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi salbiy xatti-harakatlarini yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan doimiy profilaktik va tushuntirish kabi taʼsirchan chora-tadbirlarini amalga oshirib borish;
– ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qoʻllash va tartibbuzarlarni tarqatish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni muntazam yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borish.
Komissiyaning axborotini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Oliy Majlis palatalari kengashlarining tegishli qarori qabul qilindi.