Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ombudsmanga ayol A.Yu. murojaat qilib, ishga qabul qilish jarayonida jinsiga koʻra kamsitishga duch kelganini maʼlum qildi.

Murojaatda qayd etilishicha, u 2026-yil yanvar oyida Toshkent viloyatidagi iqtisodiy sohaga oid tashkilotlardan biriga ishga qabul qilish masalasi boʻyicha suhbatdan oʻtgan, ariza yozgan hamda elektron shartnomani imzolagan. Shundan soʻng ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq chiqishi kutilgan.

Biroq keyinchalik mazkur lavozimga ayol kishi qabul qilinmasligi haqida rad javobi berilgan. Murojaatchiga koʻra, ushbu qaror uning kasbiy malakasi yoki ish tajribasi bilan emas, balki ayol ekani bilan bogʻlangan.

Mazkur holat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida belgilangan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, 42-moddasida mustahkamlangan kamsitishlarsiz mehnat qilish huquqi, shuningdek Mehnat kodeksining 4-moddasi talablariga zid hisoblanadi.

Ushbu holat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, uning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Toshkent viloyati Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari ishtirokida oʻrganildi.

Oʻrganishlar natijasida murojaatchining mehnat huquqlari tiklanib, u mazkur lavozimga ishga qabul qilindi.

Qayd etilishicha, bunday holatlar nafaqat qonunchilik talablariga, balki mehnat munosabatlarida adolat va teng imkoniyatlar tamoyiliga ham zid. Har bir ish beruvchi nomzodni uning jinsiga emas, balki kasbiy malakasi, bilimi va salohiyatiga qarab baholashi lozim.