Qoraqalpogʻiston Respublikasi Prokuraturasi internet tarmogʻida tarqalgan Nukus shahrida “Bolalar lapshadan zaharlangan” degan mazmundagi xabarlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, joriy yilning 27-yanvar kuni soat 08:40 da 2020-yili tugʻilgan voyaga yetmagan M.A va uning 2004-yilda tugʻilgan akasi B.B. respublika Shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining hududiy filialiga zaharlanish tashxisi bilan tushgan.

Koʻrsatilgan shoshilinch tibbiy yordamga qaramasdan voyaga yetmagan M.A. shu kuni shifoxonada vafot etgan, uning akasi B.B. koʻrsatilgan tibbiy muolajalardan keyin sogʻayib, 30-yanvarda uyiga ruxsat berilgan.

Voyaga yetmagan B.B. kasalxonada shifokorlarga 25-yanvar kuni oziq-ovqat doʻkonidan tez tayyorlanadigan lapsha sotib olib, ukasi bilan birga isteʼmol qilishganligini maʼlum qilgan.

Mazkur maʼlumotlarning haqqoniyligi qonunda belgilangan tartibda tekshirilmasdan turib, 28.01.2023-yilda ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahrida “Bolalar lapshadan zaharlangan” degan mazmunda notoʻgʻri xabarlar tarqatilgan.

Vaholanki, prokuratura organlari tomonidan tegishli mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilgan tekshirishda oziq-ovqat doʻkonida sotuvga qoʻyilgan lapsha mahsulotlari muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlib, ular tarkibida toksik elementlar aniqlanmagan.

Mazkur holat boʻyicha 27-yanvarda Nukus shahar prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida zaharlangan fuqarolar xonadoni koʻzdan kechirilganda, omborxonasida saqlanayotgan qopda oʻtkir hidli modda borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga koʻra, M.A.ning oʻlimi organofosfor birikmasi (sipermetrin) bilan oʻtkir zaharlanish va nafas olish yetishmovchiligidan kelib chiqqanligi, qonida topilgan sipermetrin moddasi marhumning uyidan ashyoviy dalil tariqasida olingan modda tarkibi bilan bir xil ekanligi aniqlangan.

Voyaga yetmagan B.B.ga nisbatan oʻtkazilgan ekspertiza xulosasida ham, u aynan sipermetrin moddasi taʼsirida zaharlanganligi koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 29.04.2014-yildagi 103-sonli boʻyrigʻiga koʻra, sipermetrin oʻsimliklarni zararkunandalardan himoya qilish vositasi sifatida foydalanishga ruxsat etilgan.

Holat yuzasidan soʻralgan voyaga yetmagan B.B. oʻz koʻrsatmasida otasi Q.B.ning koʻrsatmasiga asosan, 25-yanvar kuni uyining ichki qismi va atrofiga kemiruvchilarga qarshi oʻtkir hidli moddani sepib chiqqanligini bayon qilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida xonadon egasi Q.B. oʻgʻli B.B.ning koʻrsatmalarini tasdiqlab, oʻgʻli sepganidan keyin qolgan moddalarni qopi bilan omborxonasiga saqlash uchun qoʻyganligini bayon qilib, holat yuzasidan hech kimga eʼtirozi yoʻqligini bildirgan.

Tergovga qadar tekshiruv natijasiga koʻra, 22.02.2023-yili jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.