Nukusda BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari bilan uchrashuv oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 15 Mart 2023 782

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrifining ikkinchi kuni – 14-martda Nukus shahriga safar qildi.

    Safar doirasida I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyida BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligiga bagʻishlandi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan ushbu tadbir onlayn va oflayn tarzda tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston yoshlari vakillari, shu jumladan, qoraqalpogʻistonlik talabalar qatnashdi.

    Tadbirda BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari F.Tyurk “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va inson huquqlari” mavzusida maʼruza qildi.

    BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasiga muvofiq, 1948 yil
    10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, eʼtiqod va soʻz erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, taʼlim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va sanʼat asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

    Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi eʼlon qilinganidan soʻng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi. Oʻtgan davrda jahon hamjamiyati ushbu huquq va erkinliklarga inson huquqlari boʻyicha xalqaro huquq normalari va mexanizmlari orqali dunyo miqyosida rioya etilishiga koʻmaklashyapti.

    Tadbirda taʼkidlanganidek, joriy yil 10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi keng nishonlanadi. Deklaratsiya yubileyi arafasidagi global koʻlamli tadbirlarga 2022 yil 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni start berildi.

    BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan mazkur Deklaratsiyaning 75 yilligiga bagʻishlangan bir yillik targʻibot kampaniyasi oʻtkazilyapti. Bu jarayonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining oʻtgan davrdagi samaradorligi, bugungi kundagi dolzarbligi va amaliy xususiyatlarini ochib berishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

    I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyida tashkil etilgan tadbir ayni global kampaniyaning uzviy davomidir. Butun dunyoda, jumladan Oʻzbekistonda ham 2022 yil 10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi boshlab yuborilgan.

    Bu oʻrinda, avvalo, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda 2022 yil 5-6- dekabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusidagi Global forum tashkil etilganini taʼkidlash lozim. Chunki Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida kafolatlangan huquqlardan biri – taʼlim olish huquqi – barcha inson huquqlaridan foydalanishga yoʻl ochadigan boshlangʻich nuqtadir.

    Taʼlim olish huquqi – inson huquqlari boʻyicha taʼlimni hamda ushbu huquqlarni oʻrganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish usullari, vositalarini ham oʻz ichiga oladi. Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya – bu inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli boʻlgan jarayondir.

    Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7- fevraldagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi tasdiqlangani muhim ahamiyatga ega. Ushbu hujjat ijrosini oʻz vaqtida, toʻliq va samarali tashkil qilish doirasida joriy yil 20-28-fevral kunlari mamlakatimizning butun hududida “Inson huquqlari haftaligi” oʻtkazildi.

    Deklaratsiya insonlarning barchasiga birdek tegishli boʻlgan huquqlarni oʻz ichiga olgan boʻlib, shu kungacha dunyoning 530 dan ortiq tiliga tarjima qilingan. Bu oʻrinda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ushbu Deklaratsiya oʻzbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingani va bir necha marta nashr etilib, begʻaraz tarqatilganini qayd etish lozim.

    Yaqinda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi oʻzbek tilida (kiril va lotin imlosida) hamda qoraqalpoq tilida alohida kitobchalar shaklida yana nashr etildi. Bu ham insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini eʼlon qilgan Deklaratsiya 75 yilligiga moʻjaz tuhfa hisoblanadi.

    Tadbir yakunida BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari F.Tyurk talaba-yoshlarning savollariga javob berdi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazi matbuot xizmati.