Loyiha detallari 29-sentyabrda boʻlib oʻtgan onlayn forum davomida Kanada tomonidan Royal College International Canada (“RCI”) ishtirokida muhokama etildi. 

2019-yil oxirida Milliy palata va Kanadaning Xalqaro qirollik kolleji tomonidan Oʻzbekistonda tibbiyot sohasi mutaxassislarini Kanada standarti boʻyicha oʻqitish imkoniyatlarini yaratish maqsadida oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolangandi.

Qoraqalpogʻiston Tibbiyot instituti oʻqitishning Kanada dasturi asosida diplomdan soʻngi taʼlim uchun akkreditlashgan kurs shakllantirish imkoniyatiga ega boʻladi. Mazkur OTM kuchli oʻqituvchi-professorlar tarkibiga, tibbiyot sohasidagi jiddiy fundamental tadqiqotlarga ega mamlakatimizning ilgʻor oliy taʼlim muassasasi sifatida tan olingan OTMlardan biri.

Uch tomon ishtirokidagi onlayn forum davomida Kanada Xalqaro qirollik kolleji Oʻzbekiston bilan Oʻzbekiston tibbiyot OTMi va oʻqitish dasturini akkreditatsiyadan oʻtkazish bilan yakunlanadigan amaliy ishga tayyor ekanligini tasdiqladi. Bu esa shifokorlarga Kanadada va Kanada taʼlimi tan olingan mamlakatlarda ishlash imkonini beradi.

Nukusga tashrifi davomida R.Izamov va O.Ataniyazova Qoraqalpogʻiston Tibbiyot instituti bazasida Milliy palata koʻmagida COVID-19 bilan kurash olib borayotgan shifokorlarning malakasini oshirish maqsadida simulyatsion oʻquv kursi ochish imkoniyatini muhokama etdilar. Shu maqsadda Milliy palata barcha zarur zamonaviy uskunalar va pandemiyaga qarshi kurashda xalqaro tajribaga asoslangan soʻngi uslubiy qoʻllanmalarni yetkazib berishni rejalashtirgan, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.

Pandemiya tajribasi shuni koʻrsatdiki, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni sifatli davolashda tibbiyot xodimlarining malakasi, ularning zamonaviy uskunalar bilan ishlash tajribasi, hamda har bir bemorning individual xususiyatlarini anglay olishi muhim rol oʻynaydi.