Nukusda qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona ish boshladi

    Investitsiyalar 2 Iyul 2020 1889

    Nukusda xitoylik tadbirkorlar koʻmagida qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqaradigan yangi korxona ish boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.

    Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi, “Qinhuangdao Julin Import & Export Co., Ltd” (XXR) kompaniyasi va “Central Asia International Paper” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida olib borilgan izchil saʼy-harakatlar amaliy natijasi boʻldi.

    Qayd etish joiz, ishlab chiqarilayotgan shaxsiy gigiyena mahsulotlari hozirgi paytda ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir hisoblanadi.

    Hayotga tatbiq etilgan loyihaning yana bir oʻziga xos jihati shundaki, mazkur ishlab chiqarish korxonasi toʻgʻridan-toʻgʻri xorij sarmoyasi va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilgan holda amalga oshirildi.

    Xitoylik sheriklar 2020-yil yakuniga qadar ishlab chiqarish hajmini 15-20 tonnagacha yetkazishni rejalashtirgan. Xususan, umumiy hajmda 10 million AQSH dollari yoʻnaltirilgan holda qoʻshimcha ravishda bosma, ofset va karton qogʻozlar ishlab chiqarish moʻljallangan.

    Maʼlumot oʻrnida, Pekindagi diplomatik vakolatxonamiz dastavval ushbu loyihani Sirdaryo viloyatida amalga oshirish maqsadida “Qinhuangdao Julin Import&Export Co., Ltd” kompaniyasi vakillarining mazkur viloyatga bir necha bora safarlarini tashkil qilgan edi. Biroq Qoraqalpogʻiston Respublikasi imkoniyatlari va zarur xomashyo bazasiga ega ekani xitoylik sarmoyador eʼtiborini tortdi. Shundan soʻng hamkor sarmoyadorlar ushbu loyihani Nukus shahrida ishga tushirish yuzasidan qaror qabul qildi.