Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda aniqlanishicha, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan fuqaro H.K. ikki nafar fuqaroga oʻzini goʻyoki bank xodimi sifatida tanishtirgan.
U Toshkent shahrida ishlaydigan tanishlari yordamida fuqaro I.T.ga 1,2 milliard soʻm, fuqaro M.B.ga esa 300 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarini ajratib berishini aytib, evaziga jami 48,4 million soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.