Nukusdagi voqealarda ayblangan shaxslardan birining oʻlimi yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

    Ijtimoiy hayot 6 Fevral 2023 1297

    Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblangan shaxslardan biri Poʻlat Shamshetov kecha tongda tergov hibsxonasida yurak xurujidan vafot etgani boʻyicha xabarlar tarqaldi.

    2023-yil 4-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 4-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkum Polat Shamshetov (Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV sobiq xodimi) toʻsatdan vafot etgan. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy bayonot bilan chiqdi.

    Maʼlumot tariqasida: Sudning hukmi bilan P.Shamshetov Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum etilgan va 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

    Hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshligʻi, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

    Mazkur koʻzdan kechirish jarayonlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha (Ombudsman) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, P.Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlarining ham ishtiroki taʼminlandi.

    Oʻlim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

    Sud-tibbiy ekspertizasi ishchi guruhining dastlabki maʼlumotiga koʻra, marhum oʻpka arteriyasi tromboemboliyasi, oʻtkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan.

    Hozirda Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.