Avtomashinaning 30-40 yil xizmat qilgan avtoulovlardan sira farqi qolmadi. Isteʼmolchi ekspertiza oʻtkazilishini talab qildi, ammo… Avtomashina almashtirilmadi, aksincha isteʼmolchi aybdor qilindi.
Ha, haqiqatan ham isteʼmolchi Z.A. xarid qilgan mashinaning har yeridan lak boʻyoqlari koʻchib tusha boshladi. Avval tom qismi, oldi kopoti, keyinchalik boshqa ustki qismlarida ham shunday boʻldi. Bu mashina xuddi 30-40 yil xizmat qilgandek holatga kelib qolgandi.
Avtosalon esa jiddiy nuqsonga ega boʻlgan “Lasetti”ni kafolat muddatida yangisiga almashtirib bermadi. Aksincha, avtomashinani yuvish jarayonida boʻyogʻiga shikast yetkazgan, degan bahonani koʻrsatdi. Ammo isteʼmolchi avtomashinasini ehtiyotlab, nuqsonlar kelib chiqmasligi uchun oʻz vaqtida unga qarab turgandi.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining “Call Center” orqali qilgan tushgan mazkur murojaat Agentlikning Toshkent shahar hududiy tuzilmasigayoʻnaltirildi. Shundan soʻng “Uzauto Motors” AJ hamda “Sergeli-Avtotexxizmat” MCHJlarga tegishli soʻrov xatlari yuborilib,ularni jalb etilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida Chakana savdo qoidalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 75-sonli qarori talablaridan kelib chiqqan holda oʻrganish oʻtkazildi.
Oʻrganish davomida, masala oydinlashdi va “Sergeli-Avtotexxizmat” MCHJ oʻrtasida 2019-yil 23-sentyabrda tuzilgan shartnomaga asosan nuqsonli avtomobil 2020-yil 18-avgust kuni xuddi shunday yangi “Lasetti L-Elegant/AT Plus” avtomobilga (2020-yil 19-avgust holatiga 138 126 000 soʻm) almashtirildi hamda qaytadan rasmiylashtirib berildi.