Nur-Cultonda Oʻzbekiston-Qozogʻiston biznes-forumi va Oʻzbekiston-Qozogʻiston Ishbilarmonlar kengashining 4-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 5 Dekabr 2021 849

    Nur-Culton shahrida (Qozogʻiston) Oʻzbekiston-Qozogʻiston biznes-forumi va Oʻzbekiston-Qozogʻiston ishbilarmonlar Kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

    Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.Sklyar ishtirok etdi. Delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasidagi serqirra hamkorlikning strategik mohiyatini qayd etib, bu borada ishbilarmon doiralarning faol hamkorligi muhim oʻrin tutishini taʼkidladilar.

    Ikki mamlakat hukumatlarining Oʻzbekiston va Qozogʻiston ishbilarmonlari oʻrtasida qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama savdoni faollashtirish borasida bevosita hamkorlik oʻrnatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyorligi qayd etildi. Bu borada allaqachon ish olib borilmoqda. Jumladan, mavjud tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini muntazam yetkazib berishni taʼminlash maqsadida qoʻshma ulgurji savdo markazlarini tashkil qilishni hamda boshqa tashabbuslarni oʻz ichiga olgan oʻzaro tovar aylanmasini oshirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi” tasdiqlash uchun tayyorlandi.

    Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat hamkorligini yoʻlga qoʻyish va shu orqali Oʻzbekiston va Qozogʻiston iqtisodiyotlarining qiyosiy ustuvorliklarini hisobga olgan holda uzluksiz qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishning keng istiqbollari qayd etildi. Bu boradagi hamkorlikka aniq misollar keltirildi. Xususan, hozirgi kunda ikki mamlakat hududida toʻqimachilik, avtomobilsozlik, foydali qazilmalarni qazib olish, qurilish va boshqa sohalardagi qator korxonalar muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish boʻyicha alohida “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishda ham yutuqlarga erishildi. Bu yoʻnalishdagi hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va tadbirkorlarni birgalikda biznes hamkorlikka jalb etishga oʻzaro intilish borligi bildirildi.

    Shu nuqtayi nazardan, yangi tashabbus – ikki mamlakatning chegara hududida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil qilinishi alohida qayd etildi. Markaz zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan jihozlanadi. Uning rezidentlari oʻzbekistonlik va qozogʻistonlik tadbirkorlarini qoʻshma sanoat korxonalarini tashkil etishga jalb qiladigan bir qator imtiyoz va preferensiyalarga ega boʻladi.

    Forum davomida ikki mamlakatning vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va hududiy boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, biznes vakillari tomonidan taqdimotlar oʻtkazildi. Unda hamkorlik salohiyati batafsil ochib berildi va kelgusida ishlab chiqish uchun istiqbolli loyihalar taqdim qilindi. “G2B” va “B2B” muzokaralarida hamkorlikning amaliy jihatlari hamda qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.

    Tadbirlar yakunida ikki mamlakat Bosh vazirlari oʻrinbosarlari Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish va qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini bildirdilar.

    Forum yakunida umumiy qiymati 5,9 milliard dollarga teng boʻlgan qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha savdo shartnomalari va ikki tomonlama bitimlar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.