Nurafshon: koʻp qavatli uyda yongʻin chiqdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda "Nurafshon shahridagi koʻp qavatli uyning 16 qavatida gaz portlashi oqibatida yongʻin kelib chiqdi" sarlavhasi ostida xabar tarqaldi.

    Holat bo‘yicha Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 15-iyul kuni soat 01:37da Nurafshon shahridagi 1-yongʻin qutqaruv qismining dispetcherlik xizmatiga Nurafshon shahar "Yangiobod" mahallasidagi 16 qavatli uyning xonadonlaridan birida yongʻin sodir boʻlganligi haqida xabar kelib tushdi.

    Xabarga asosan yongʻin voqea joyiga yongʻin-qutqaruv ekipajlari yuborildi. Yongʻin soat 01:44da yongʻin-qutqaruv guruhi tomonidan qurshab olinib, soat 02:05da batamom oʻchirildi.

    Maʼlumotlarga qaraganda yongʻin natijasida xonadonning 25 kvadrat metr maydoni yonib ketgan. Yongʻin-qutqaruv ekipaj guruhining saʼy harakatlari natijasida xonadonning 50 kvadrat metr maydoni saqlab qolindi.

    Yongʻin joyi koʻzdan kechirilganda xonadonda hech qanday portlash alomatlari yoʻqligi maʼlum boʻlib, yongʻin kelib chiqishining taxminiy sababi, elektr uskunalaridagi nosozlik deb baholanmoqda.

    Yongʻin oqibatida tan jarohati olgan va halok boʻlganlar yoʻq.