Tinch yurtga to'ylar, bayramu shodiyonalar yarashadi. Xalqimiz topib aytgan bu so'zlarning qiymatini oxirgi yillarda dunyo ellari boshiga tushgan turli sinovlar, yurtimizgacha kirib kelgan pandemiyada odamlarimiz birlashib, hamjihatligini namoyon etgan onlarda yanada chuqurroq anglagandekmiz. Yaratganga shukur, bugun nuroniylarimizning duolari, yurtdoshlarimizning mehr-sahovati bilan tinch kunlarda shukronalikda yashayapmiz.

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida mustaqillik arafasida zamonaviy qiyofada barpo etilayotgan “Nurafshon smart city” hududida katta amfiteart ochilib, ilk bayram tadbiri tashkillashtirildi. Viloyat ahlining bir qismi ana shu amfiteatrni ko'rishga kelgan bo'lsa, boshqalar badiiy tadbirda o'z san'atlarini namoyon etib, tomoshabinlarga yuqori kayfiyat ulashdi. Amfiteatr kiraverishidan boshlangan doira sadolari tadbirga katta tayyorgarlik ko'rib kelgan boshqa jamoalarning chiqishlariga ulandi. Mamlakatimizda doim shunday: xalqimizga yangi ob'ektlarni foydalanishga topshirishga bag'ishlangan tadbirlar tom ma'nodagi tantanalarga, ta'bir joiz bo'lsa, do'stlik bayramiga aylanib ketadi.

... Nurafshon shahriga kiraverishdanoq o'zgarishlarni payqadik. Keng maydon, adirliklar tekislanib, katta qurilishlar qilinyapti. Qayerga qaramaylik, poydevori ko'tarilayotgan baland qavatli uylarga ko'zimiz tushadi. “Nurafshon smart city” deganlari ham bir necha gektar yerda bunyod etilayotgan ekan. Chetdan qaraganda, alohida shaharchaning o'zginasi. Amfiteatr mana shu shaharchaning markazida joylashgan. Turli tadbirlar o'tkazishga mo'ljallangan sahna atrofida tomoshabinlar uchun o'rindiqlar joylashtirilgan. Atrof esa ko'kalamzorlashtirilib, bir qismi dam olish bog'iga aylantirilgan.

— Muhtasham amfiteatr Nurafshon shahridagi “Yangi O'zbektiston bog'i”da barpo qilinishi rejalashtirilgan 73 ta qurilish ob'ektining qaldirg'ochi hisoblanadi, — deydi Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev. — Obyekt quruvchilarimizning tinimsiz mehnati, barcha sektorlar, viloyat tashkilotlari rahbarlari hamda shahar va tumanlar hokimlarining jipslikdagi harakatlari bilan 78 ish kunida barpo etildi. Mustaqillik arafasida uni yurtdoshlarimizga tuhfa sifatida taqdim etganimizdan mamnunmiz. Bu maskan hamisha bayramlar, shodiyona tadbirlariga xizmat qilishini niyat qilamiz. U, avvalo, xalqimizniki. Boisi, viloyatdagi har bir bunyodkorlik ishlarida aholining hissasi bor. El-yurt xizmatida bo'lgan turli soha vakillari — quruvchiyu yo'lchilar, suvchiyu obodonchilar, qo'yingki, maishiy turmushimizda kamarbasta bo'lib keladigan mehnatkash, tanti va samimiy insonlar xizmati, nuroniylarimizning duolari bilan barcha sohalarda yutuqlarga erishilyapti. O'zbekiston tarixida ilk bor shu yilning o'zida viloyatimizning 1800 nafar otaxonu–onaxonlari muborak haj va umra ziyoratini amalga oshirganlari ham bizni quvontiradi. Ularning va Prezidentimizning muqaddas maskanlarda xalqimizning farovonligi va osoyishtaligi, yurtimizdagi tinchlikning bardavom bo'lishini, dasturxonlarimiz to'kinligini so'rab qilgan duolari ijobat bo'lsin.

Toshkent vohasi Buyuk ipak yo'lidagi ilm-fan, hunarmandchilik, madaniyat taraqqiy etgan makonlardan biri bo'lgani tarixdan ma'lum. Bu zaminda Shayx Umar Vali, Zangi Ota kabi buyuk zotlar, adabiyot va jurnalistikada o'z maktabini yaratgan Oqilxon Sharofiddinov, Muzayana Alaviya singari ziyolilar, “Toshkent texnologiyasi”ni yaratgan Tursunoy Ohunova, Zayniddin Faxriddinov, Maxmud Mirzayev kabi qishloq xo'jaligi sohasi fidoyilari yashab o'tgan. Bayram dasturining tarixiy-ma'naviy blokida xalqimizning faxru iftixoriga aylangan ana shunday viloyat farzandlari xotirasi nomma-nom yodga olindi.

Bugungi avlodlar orasida ham ajdodlar yo'lini davom ettirayotgan bilimli, o'z sohasining ustalari, zamon bilan teng qadam tashlayotgan ilg'orlar ko'p. Yoshlardan 28 nafar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalari, 10 nafar “Mard o'g'lon” davlat mukofoti sovrindorlari, 35 nafar nomdor stipendiantlar, 6 nafar fan olimpiadalari g'oliblari, 142 nafar osiyo, 55 nafar jahon chempionlari bor. Viloyat ahli, ayniqsa, Og'ir atletika bo'yicha Olimpiada va jahon chempioni Akbar Jo'rayev, Boks bo'yicha jahon chempioni Fazliddin G'oipnazarov, osiyo chempionlari el'nur Abduraimov, Svetlana Osipova, Zoxid Kenjaev, Shunqor Abdurasulovlar bilan faxrlanadi. Bayram tadbirida Prezidentimiz farmoniga ko'ra mustaqillik arafasida yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlarga ham alohida hurmat ko'rsatildi.

Toshkent viloyatining har sohada erishayotgan yutuqlari, unumdor tuprog'i, ma'danlarga boy erlari haqida ko'p va xo'p gapirish mumkin. Ammo bu hududning eng katta boyligi haqida so'ralganda, hech ikkilanmay, ko'p millatli, xushfe'l, ahil va hamjihat odamlari, deya olamiz. Deyarli har bir tumanida turli millat va elat vakillarini uchratish mumkin. O'zbekcha, ruscha, tatarcha, tojikcha, koreyscha, qozoqcha, qirg'izcha va boshqa ko'plab tillarda gapiradigan, lekin yagona maqsad, pok niyat bilan yashayotgan bu insonlarning orzu-intilishlari, bir-biriga bo'lgan mehr-oqibatlariga havas qilsa arziydi.

— Yoshim 78 da. Qozoq millatiga mansubman. Tug'ilganimdan buyon O'zbekistonda yashayman, — deydi Chinoz tumani fuqarosi Ne'matillo Kukenov. — Nurafshon shahrida urug'larimiz bor, shu bois bu yerga bolaligimdan beri ko'p kelib turamiz. Ilgari Nurafshon dasht edi. Shunday adirliklarda katta qurilishlar bo'layotganini ko'rib, ochig'i, bu joylarni tanib bo'lmayapti. Qarab, havas qilyapman. Kelajak avlod shunday obod joylarda yashasin deymiz, duo qilamiz. Toshkent viloyatida ko'plab millatlar bor. Barchasi birgalikda ahil, totuv yashaydi. Bir-birimizni hurmatlab, sizlab gapiramiz. Bir-birimizdan qiz olyapmiz, qiz beryapmiz. Ana shu inoqligimiz abadiy davom etsin. Barcha yurtdoshlarimizga mustaqilligimizning 31 yilligi muborak bo'lsin.

Viloyat ahli bayram ruhidan bir zavqlansa, Nurafshondagi o'zgarishlar, katta qurilishlar ko'lami hamda yangi amfiteatr ochilishidan o'n bor quvonayotnini yashirmadi. Hali bu yer katta bog'ga aylanadi. Odamlar dam olib, oilaviy xordiq chiqaradigan so'lim maskan faqat yaxshi kunlar, go'zal bayram tadbirlariga xizmat qilsin, deymiz.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri