Onlayn-muloqotda Nurafshon shahrida qo‘shma universitet tashkil etish, lift sanoati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Li Xyun Sok lift sanoati uchun mutaxassislar tayyorlaydigan mazkur universitet faoliyati haqida so‘zlab berdi va Nurafshon shahrida qo‘shma universitet tashkil etishga qiziqish bildirdi. Rektor o‘zbekistonlik sheriklar bilan birgalikda lift sohasida taʼlim va kadrlar malakasini oshirish tizimiga asos solishda hamkorlikka tayyorligini taʼkidladi. Yangi universitet Markaziy Osiyo davlatlaridan ham yoshlarni taʼlim jarayoniga jalb etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Janubiy koreyalik hamkorlarning qiziqish va takliflarini qutlar ekan, M.Soliyev O‘zbekiston tomoni ushbu loyihani amalga oshirishga tayyorligini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, mamlakatdagi ko‘p qavatli binolarga o‘rnatilgan liftlarga yuqori sifatli texnik xizmat ko‘rsatish zarurati mavjud. Shu bilan birga, mamlakatimizda yangi tashkil etilayotgan fuqarolik-sanoat obyektlariga lift o‘rnatish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash kerak.

Uchrashuvda tomonlarning Nurafshon shahridagi qo‘shma loyihani amalga oshirishdagi majburiyatlari muhokama etildi. Xususan, Janubiy Koreya tomoni O‘zbekistonda liftlar ekspluatatsiyasida xavfsizlikni taʼminlash tizimini yaratish, shuningdek, respublika lift-qurilish sanoatini yana-da rivojlantirish orqali kelgusida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, liftlarning ishlashini masofadan kuzatish, ularning holatini baholash, nosozliklarni zudlik bilan aniqlash imkonini beruvchi «Liftlarni aqlli boshqarish» tizimi haqida maʼlumot berildi.

Muzokaralar natijasida rektor Li Xyun Sok boshchiligidagi universitet delegatsiyasining muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga safarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yangi universitetda taʼlim jarayonini 2022 yilning sentyabridan boshlash rejalashtirilayotgani alohida taʼkidlandi.