Qayd etish kerakki, bugungi kunda quyi palataning koʻrib chiqishida jami 28 ta qonun loyihasi boʻlib, ulardan 5 tasi birinchi oʻqishga, 18 tasi esa ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda. Spiker oʻz nutqida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonining huquqiy asoslarini taʼminlashda parlament aʼzolarining qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyatini yanada jonlantirish muhimligini taʼkidladi.

Qonunchilik palatasi Spikeri quyi palatada koʻrib chiqilishi rejalashtirilayotgan “Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasiga toʻxtalib oʻtdi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq eng muhim masalalarni hal etishga qaratilgan boʻlib, bugungi kunda qonun loyihasini quyi palataning navbatdagi majlislarida koʻrib chiqish uchun barcha zarur maʼlumotlarni yigʻish ishlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.