Uch yuz Koʻhi Qofni kelida tuymoq,Dil qonidan bermoq falakka boʻyoq.Yoyinkim bir asr zindonda yotmoq – Nodon suhbatidan koʻra yaxshiroq...
Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Munis, Avaz Oʻtar, Omon Matjon, Matnazar Abdulhakim, Erkin Samandar, Komil Avazdek zakiylar Vatani boʻlmish Xorazm avliyolar, allomalar yurtidir. Yastanib yotgan maydon uzra viqor bilan qad kerib turgan minoralari, ochiq osmon ostidagi muzey va ziyoratgohlari, Kalta minorlariyu, Ichan qalʼalari... Bularning bari qadim oʻlka salobatiga, saodatiga hissa qoʻshgulik.
Respublika Zomin seminarining hududiy bosqichi bu gal Qoraqalpogʻiston Respublikasining ijodkor yoshlari hamda Xorazm viloyatining yosh qalamkashlari ishtirokida boʻlib oʻtdi. Koʻhna Xiva shahridagi Ogahiy nomidagi ijod maktabi mezbonlik qilgan seminarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, ustoz adiblar qatnashdi. Tadbirda voha yoshlari sheʼr, hikoya, badiiy publitsistika, adabiyotshunoslik, bolalar adabiyoti, badiiy tarjima kabi yoʻnalishlarda oʻz mahoratlarini sinab koʻrdi. Yuragi adabiyotning mehri bilan toʻlib borayotgan yoshlarga ustozlar ijod borasida tavsiyalar, fikrlar berdi.
Shu kuni yoshlar Ogahiy uy muzeyi yonidagi gujumlarning sersoya hovlisida sheʼrlar oʻqidi. Xiva oqshomlariga ulanib ketgan mushoirada dildan sizib chiqqan nazmiy ohanglar, Xorazm suvoralari dillarga yetib bordi.
Nargiza Asadova,
shoira