Xo‘sh, O‘zbekistonda o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat qanday?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov mavsumiy kasalliklar sabab o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonini to‘xtatishga asos yo‘qligini aytib o‘tdi.
— Gap shundaki, biz o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilishimiz kerak, — deydi mutaxassis. — Kasallik tarqalishida uch muhim bo‘g‘in bor: kasallik manbai, yuqish yo‘li, yuqtirishga moyil organizm.
Agar kasallangan bolalarni maktabga, bog‘chaga, jamoat joylariga yuboraversak, ular boshqalarga infeksiya yuqtirishda davom etadi.
Har birimiz o‘tkir respirator kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz.
Shuning uchun ham ota-onalarga kasallik belgilari bo‘lgan farzandlarini bog‘cha va maktablarga, oliy ta’lim muassasalariga yubormaslikni maslahat beramiz. Bunday paytda shifokor ko‘rsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borish maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, yurtimizdagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun o‘rin-joy va zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.
Aholi orasida gripp mavsumi haqida "bu — yangi pandemiya", degan mish-mishlar uchramoqda. Bu gaplar mutlaqo asossiz. Aytish kerakki, bu hatto epidemiya ham emas.
O‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi poytaxtimizda va yurtimizning ayrim hududlarida ko‘proq qayd etilayotgani kasallik tarqalishi epidemik bo‘sag‘aga yetganiga asos bo‘la olmaydi.
Shu sababdan ham o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonini to‘xtatishga yetarli asos ko‘rmayapmiz.
Hozirgi vaziyatda bizning vazifamiz: bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish!
Bemorlar muloqot chog‘ida doim tibbiy niqobda bo‘lishlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilishlari shart.
Shuningdek, kasallikka qarshi emlanish unga qarshi kurashishning samarali usuli ekanini unutmaslik kerak! Mavsum oldidan yurtimizda grippga qarshi vaksinalarning yetarli miqdori shakllantirilgan. Ayni paytda xususiy emlash punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksina mavjud.