Tadbir avvalida “Nuroniy” jamgʻarmasi hovlisida yigʻilgan otaxonu onaxonlar bilan jamgʻarma raisi Sodiqjon Turdiyev dildan suhbatlashdi. Suhbat davomida taʼkidlanganidek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan istiqlolimizning oʻttiz yilligiga bagʻishlab bunyod etilgan majmua bizga yana bir bor Vatanimizning shonli tarixi haqida soʻzlab, keksalar nasihat qilganiday bugungi dorilomon kunlarga shukr qilishga chorlaydi.
...“Yangi Oʻzbekiston” bogʻi oʻzgacha goʻzallikka burkangan. Koʻchatlar ekilgan, atrof uzoq va yaqin oʻtmishimizdan soʻylaydi, milliy davlatchiligimizning oʻziga xos ramzlarda aks ettirilgan. Majmuaning gʻoyaviy va meʼmoriy oʻziga xosligi ham shunda. Bugun esa mazkur bogʻ nuroniylar bilan gavjum boʻldi.
Bogʻ tomon zamonaviy avtobusda yoʻlga tushgan nuroniylar barchasiga oʻzlari guvoh boʻlishga oshiqishdi. Manzilga yetib kelganlarida esa tabiiyki, har bir sayohatchining koʻzi dastlab monumentning eng yuqori qismidagi tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli boʻlgan, koʻkda magʻrur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviriga tushdi. Bogʻning markaziy qismida esa muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti barpo etilgan. Oʻzbekistonimizning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealar muhrlangan yodgorlik keksayu yoshning xayolini moziyga olib qochadi.
— Bayram kunlari oynai jahon orqali “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumentining ochilish marosimini tomosha qilib, Yurtboshimizning nutqlarini eshitganimda mazkur bogʻga tashrif buyurishni niyat qilgandim, — deydi mehnat faxriysi Shoira Umarova. — Shu sabab bugungi sayohatning tashkil etilganidan juda xursandman. Majmuada buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning oʻlmas siymolari aks ettirilgan, Oʻzbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi ogʻir va mashaqqatli hayoti, qatagʻon siyosati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan jasorat va matonati taʼsirchan lavhalarda ifodalangan.
Unda milliy davlatchiligimizning ramzi boʻlgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining moviy gumbazi, yulduzlar olamiga qarab yuksalgan Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi, dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkir bobolarimizning eng nodir ilmiy kashfiyotlari oʻzining bor mahobati va shukuhi bilan koʻz oldimizda yaqqol namoyon boʻlib turibdi. Bogʻda poytaxt aholisi, barcha hududlarimiz va xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda.
Nuroniylar sunʼiy koʻl, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, hunarmandchilik doʻkonlari tashkil etilayotgani koʻrib, odamlarning hayoti yanada farovonlashib borayotganini taʼkidlashdi.