Nurota togʻ tizmasidagi noyob qoyatosh suratlari hujjatlashtirildi

    Tadqiqotlar davomida ibtidoiy kishilarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, eʼtiqodi, dunyoqarashi va hayvonot olami haqidagi tasavvurlarini ifodalovchi koʻplab tasvirlar aniqlandi.

    Madaniy meros agentligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, shu yilning iyun-iyul oylari davomida Samarqand arxeologiya institutining “Qoyatosh rasmlarini oʻrganish guruhi” tomonidan arxeologik tadqiqotlar amalga oshirildi.

    Mazkur loyiha doirasida Nurota togʻ tizmasining Oqtogʻ, Gʻoʻbdintogʻ va Qaroqchitogʻ togʻlaridan oqib tushuvchi soy va daralarda joylashgan Qoraqismoqsoy, Yetimsoy, Alamlisoy, Andoqsoy, Oqmoʻlasoy, Kuyukdara, Burgansoy, Jizmonsoy va Sangijumonsoy yonbagʻirlaridagi qoyatosh rasmlari zamonaviy usullar asosida oʻrganilib, roʻyxatga olindi.

    Tadqiqotlar davomida ibtidoiy kishilarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, eʼtiqodi, dunyoqarashi va hayvonot olami haqidagi tasavvurlarini ifodalovchi koʻplab tasvirlar aniqlandi.

    Ushbu rasmlar orasida odamlar, ibtidoiy buqa va sigirlar, sher, bugʻu, togʻ echkisi, ot, qulon kabi yovvoyi hayvonlarning tasvirlari bor. Ayniqsa, togʻ echkilarining yugurib ketayotgani va ular ortidan sherning quvib borayotgan manzarasi alohida eʼtiborga loyiq. Qoyatosh rasmlari qadimgi odamlarning hayot tarzini, xoʻjalik faoliyatini, diniy qarashlarini oʻrganishda muhim ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi.