Bosh kotib Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi.

U oʻzgarishlarni amalga oshirishda, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda BMT Oʻzbekistonga zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Antoniu Guterrish Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan salmoqli hissasini alohida taʼkidladi.

Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini hamda BMT orqali boʻlajak oliy darajadagi qoʻshma tadbirlar jadvalini muhokama qildilar.

Eslatib oʻtamiz, tayinlovga qadar Ulugʻbek Lapasov Oʻzbekistonning BMT vakolatxonasi va Jenevadagi (Shveysariya) boshqa xalqaro tashkilotlarning doimiy vakili lavozimida ishlagan. Ulugʻbek Lapasov 40 yoshda. U Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, shuningdek, bir qator xorijiy universitetlar dasturlarini tamomlagan.

Tashqi ishlar vazirligi tizimida stajyor sifatida ish boshlagan, markaziy apparatda va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda  mehnat  faoliyatini olib borgan. 2016-yildan beri maslahatchi, muvaqqat ishlar vakili, BMTning Jenevadagi vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili, elchi. Fransuz, ingliz, rus tillarida soʻzlasha  oladi.

Ulugʻbek Lapasov 2017-yilning may oyidan beri Nyu-Yorkda Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili boʻlib ishlab kelayotgan Baxtiyor Ibragimov oʻrnini egalladi. 2019-yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida Oʻzbekiston birinchi marta navbatdagi sessiya raisining oʻrinbosari etib saylandi, uning vazifasini Baxtiyor Ibragimov mamlakatimizning doimiy vakili sifatida BMT bosh Assambleyasining 74-sessiyasida 2019-yil sentyabrdan 2020-yil sentyabrgacha bajardi.