Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 1 Mart 2023 8354

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Mamlakatimizda davlat ulushi mavjud xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalarida (keyingi o‘rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) korporativ boshqaruvni joriy etish, ularning operatsion samaradorligini oshirish va ochiqligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning bozor mexanizmlariga o‘tishini jadallashtirish maqsadida:

    1. 2023-2025 yillarda isloh qilinadigan va operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Strategik islohotlar agentligi) mazkur korxonalarni isloh qilish vazifasi yuklansin.

    2. Belgilansinki:

    Strategik islohotlar agentligi “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ (keyingi o‘rinlarda – “UzAssets” investitsiya kompaniyasi) va mazkur qarorga ilovada ko‘rsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat aksiya paketi (ulushi) bo‘yicha aksiyador (ishtirokchi) funksiyasini amalga oshiradi;

    mazkur qarorga ilovada ko‘rsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) “UzAssets” investitsiya kompaniyasiga boshqaruvga beriladi;

    “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan korxonalarning ijroiya organi va kuzatuv kengashi a’zolarini tayinlash hamda sof foydani taqsimlash masalalari yuzasidan qarorlar belgilangan tartibda kelishilgan holda qabul qilinadi;

    “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni jalb etish eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi;

    davlat xizmatchilari davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi tarkibiga kiritilishi mumkin, ushbu korxonalar faoliyatini litsenziyalash, tartibga solish va ularning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish vazifalari yuklangan davlat organlarining xodimlari (davlat organlarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlaridan tashqari) bundan mustasno;

    boshqariladigan investitsiya aktivlari o‘rtacha yillik qiymatining kamida 5 foizi miqdorida o‘z moddiy aktivlariga ega bo‘lish to‘g‘risidagi talab “UzAssets” investitsiya kompaniyasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

    3. Strategik islohotlar agentligining “UzAssets” investitsiya kompaniyasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalarni yuklash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

    iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik korxonalarni isloh qilish, shu jumladan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish hamda xususiy sektorni jalb qilish;

    korxonalarning rentabelligi va operatsion samaradorligini oshirish, moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda biznes-jarayonlarni optimallashtirish;

    Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining korporativ boshqaruv bo‘yicha tavsiyalarini joriy etish orqali o‘ziga boshqaruvga berilgan korxonalarning samarali boshqarilishini va barqaror rivojlanishini ta’minlash hamda ularning qiymatini va investitsion jozibadorligini oshirish;

    o‘ziga boshqaruvga berilgan korxonalarning ijroiya organi va kuzatuv kengashiga mahalliy hamda xorijiy malakali menejerlarni jalb qilish.

    4. Strategik islohotlar agentligi va “UzAssets” investitsiya kompaniyasining davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish va boshqarish bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

    mazkur qarorga ilovada keltirilgan davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlar (bundan qonun hujjatlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga o‘tkaziladigan qismi mustasno);

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;

    qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, tegishli vazirlik va idoralar ikki hafta muddatda mazkur qarorda nazarda tutilgan o‘zlariga tegishli aksiya paketlari (ulushlari) Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilishini ta’minlasin.

    6. Strategik islohotlar agentligi (Sh.Vafayev):

    a) bir oy muddatda:

    “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tashkiliy tuzilmasi va ichki korporativ hujjatlarini tasdiqlasin, ijroiya organi va kuzatuv kengashi tarkibini shakllantirsin;

    “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan har bir korxonaga konsultantlar jalb qilinishini ta’minlasin va korxonalarni isloh qilish grafigini tasdiqlasin;

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni kiritsin;

    b) ikki oy muddatda “UzAssets” investitsiya kompaniyasining samaradorlik muhim ko‘rsatkichlarini nazarda tutgan holda, uning biznes-rejasini tasdiqlasin;

    v) 2023 yil 1 iyulga qadar “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan unga boshqaruvga berilgan korxonalarning biznes-rejalari qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.

    7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2023 yil 1 mart