Ijtimoiy soha ob’ektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash, ushbu ob’ektlarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish hamda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi 69 ta ijtimoiy soha ob’ektini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2023-2026 yillarda respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha ob’ektlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini ta’mirlash va belgilangan me’yorlarda ishlashini ta’minlashni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokida bosqichma-bosqich joriy etish choralarini ko‘rsin. Bunda:
birinchi bosqichda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 5 722 ta davlat ijtimoiy soha ob’ektining issiqlik ta’minoti tizimlarini xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilish va boshqarish tizimi joriy qilinsin;
davlat ijtimoiy soha ob’ektlarida mavjud isitish tizimlarining joriy holatidan kelib chiqib, 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining barcha tuman (shahar)larida hamda boshqa viloyatlarning 2-ilovaga muvofiq tuman (shahar)larida davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlansin.
3. Quyidagilar:
Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish tizimini joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi davlat ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘yicha 2023 yilda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolash rejasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda davlat ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini 2023 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Respublika ishchi guruhi) tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar Respublika ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlari uchun talab etiladigan ko‘mir va boshqa yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
har chorakda tuman (shahar) hokimliklari va jalb qilingan xususiy sheriklar tomonidan bajarilgan ishlar natijadorligini o‘rganish va muntazam monitoring qilib borish;
davlat ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilishda yuzaga keladigan muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rish;
tuman (shahar) hokimliklarining loyihalar ijrosi yuzasidan axborotlarini qabul qilish va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tahliliy materiallarni kiritib borish;
mazkur qarorda ko‘rsatilgan topshiriqlarning belgilangan muddatlarda bajarilishini nazorat qilib borish.
5. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B.Zakirov), Energetika vazirligi (J.Mirzamahmudov), Andijon viloyati hokimligi (Sh.Abduraxmonov), Namangan viloyati hokimligi (Sh.Abdurazakov) va Farg‘ona viloyati hokimligi (X.Bozarov):
bir oy muddatda tuman (shahar)lardagi davlat ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘yicha mavjud issiqlik ta’minoti tizimlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun tanlov asosida loyiha institutlarini jalb qilsin hamda mavjud issiqlik ta’minoti tizimlarini xatlovdan o‘tkazgan holda nuqsonlar to‘g‘risida dalolatnomalarni rasmiylashtirsin;
joriy yil 1 iyunga qadar jalb qilingan loyiha institutlari ko‘magida tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin. Bunda, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan o‘tkazish xarajatlari hududlar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
joriy yil 1 iyulga qadar tuman (shahar)larda davlat-xususiy sheriklik asosida ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihalarining (keyingi o‘rinlarda – Loyihalar) konsepsiyalarini tasdiqlasin;
joriy yil 1 avgustdan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlarini boshlasin.
6. Loyihalarni amalga oshirishda:
davlat sherigi etib – tuman (shahar) hokimliklari belgilansin;
xususiy sheriklar – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni talablariga muvofiq tender o‘tkazish va (yoki) Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining qarorlari asosida eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali aniqlansin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, Loyihalarni amalga oshirishda quyidagi vazifa va majburiyatlar bajarilishi ta’minlanadi:
a) davlat sheriklari tomonidan:
davlat ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini xatlovdan o‘tkazish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan o‘tkazishni ta’minlash;
loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan energiya tejamkor qozonlarni o‘rnatish va ob’ektlardagi ichki issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilishni nazarda tutish;
Loyihalar bo‘yicha konsepsiyalarni tasdiqlash;
Loyihalarni amalga oshirish uchun tenderlarni tashkil qilish hamda xususiy sheriklarni shaffof va ochiq shartlarda tanlash;
jalb qilingan xususiy sheriklar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va ularga isitish ob’ektlari va tizimlarini davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan muddatda vaqtinchalik bepul foydalanishga berish;
Davlat byudjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘larning davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan muddatlarda va miqdorlarda yo‘naltirib borilishini ta’minlash;
xususiy sheriklar tomonidan bajariladigan ishlar va xizmatlar sifatini doimiy nazorat qilib borish, natijasi bo‘yicha har chorakda Respublika ishchi guruhiga axborot berish;
xususiy sheriklar tomonidan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan shartlar bajarilmagan taqdirda bitimni bir tomonlama bekor qilish;
b) xususiy sheriklar tomonidan:
sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq ijtimoiy soha ob’ektlarining ichki qismlarida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati davomida issiqlik haroratini lozim darajada ta’minlash. Bunda, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar doirasida ijtimoiy soha ob’ektlarida issiqlik quvvati hisobini yuritishning onlayn tizimlarini joriy etish bo‘yicha talab qo‘yilishi mumkin;
isitish uchun me’yor bo‘yicha talab etiladigan ko‘mir va elektr energiyasi xarajatlarini kamida 20 foizga va issiqlik energiyasi yo‘qotishlarini 30 foizga kamaytirish;
ijtimoiy soha ob’ektlarida O‘zbekiston Respublikasida kamida bir yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlarni o‘rnatish;
o‘rnatiladigan isitish qozonlarining sifatini kafolatlash va muddatidan oldin yaroqsiz holatga kelgan isitish qozonlarini o‘z mablag‘lari hisobidan yangilash. Bunday hollarda Davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilmaydi;
ijtimoiy soha ob’ektlarini isitish bilan bog‘liq barcha masalalarni o‘z zimmasiga olish.
8. Belgilansinki:
Loyihalarni amalga oshirishda modernizatsiya qilish va ta’mirlash xarajatlari uchun talab etiladigan investitsiya mablag‘lari xususiy sheriklar va Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ajratiladi;
xususiy sheriklarning ulushi kamida 50 foiz va ob’ektlarni ekspluatatsiya qilish muddati 10 yilни tashkil etadi;
Loyihalarni boshqarish va ekspluatatsiya qilish davri davomida xususiy sheriklar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar 2023 yilda mahalliy byudjet parametrlarida ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar, shuningdek, mavjud shtat birliklarini qisqartirish hamda energiya resurslarini tejash hisobiga iqtisod qilinadigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar doirasida ijtimoiy soha ob’ektlarida issiqlik energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish va ob’ektning energiya samaradorligini oshirish tadbirlari ko‘zda tutilishi mumkin;
tuman (shahar) hokimlari ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlari to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun mas’ul va shaxsiy javobgar hisoblanadi.
tuman (shahar) hokimlari davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar doirasida xususiy sherikka o‘z majburiyatlarini bajarishga har tomonlama, shu jumladan, ko‘mir yoqilg‘isini muddatidan oldin jamlab qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatsin.
9. Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga xususiy sheriklarning eng maqbul takliflarini tanlab olishda quyidagi talablarga e’tibor qaratish tavsiya etilsin:
xususiy sheriklar mablag‘larining ulushi kamida 50 foiz va undan yuqori bo‘lishi;
xususiy sheriklar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun xarajatlar miqdori mahalliy byudjet parametrlarida ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larga nisbatan kam bo‘lishi;
xususiy sheriklarning soliq to‘lovchi sifatida ishonchli bo‘lishi va oxirgi yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan jami daromadi 3 milliard so‘mdan kam bo‘lmasligi.
10. Belgilansinki:
Loyihalar har bir ijtimoiy soha ob’ekti bo‘yicha alohida lotga ajratgan holda amalga oshiriladi;
tuman (shahar)lardagi mavjud ijtimoiy soha ob’ektlarining sonidan, muassasalarning olis hududlarda joylashuvidan hamda tashabbuskor xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining takliflaridan kelib chiqib, Respublika ishchi guruhi bilan kelishuvga ko‘ra ikki va undan ortiq loyihalarni birlashtirgan holda lotlarga ajratishga ruxsat beriladi.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) 2023 yilda respublika bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida davlat ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish uchun jami 500 milliard so‘m, shundan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari uchun 250 milliard so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatiga 50 milliard so‘mдaн mablag‘ ajratsin.
Bunda, ushbu xarajatlar 2023 yilda Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan mablag‘larni qayta taqsimlash hamda respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplansin.
12. Isitish qozonlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan (import qilinadigan), respublikada ishlab chiqarilmaydigan tovarlar 2025 yilning 1 yanvariga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin.
Energetika vazirligi (J.Mirzamahmudov), “O‘zeltexsanoat” uyushmasi (M.Yunusov) isitish qozonlari ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda olib kelinadigan (import qilinadigan) tovarlar ro‘yxatini shakllantirsin hamda belgilangan tartibda kompleks ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin.
13. Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh (D.Sultanov) mahalliy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birga:
bir oy muddatda ikki xil, jumladan, qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan isitish qozonlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda sohadagi mavjud korxonalar bazasida energiya tejovchi va xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan isitish qozonlari (har xil yoqilg‘ida ishlaydigan) ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxatini shakllantirsin.
14. Respublika ishchi guruhi (Sh.Kudbiyev):
manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan tuman hamda shahar hokimliklari bilan birgalikda o‘z tasarrufidagi ijtimoiy soha ob’ektlarining issiqlik ta’minoti tizimi modernizatsiya qilingandan so‘ng yechib olinadigan va foydalanishga yaroqli bo‘lgan isitish qozonlari ehtiyoji mavjud bo‘lgan byudjet tashkilotlariga beg‘araz o‘tkazib berilishini tashkillashtirsin;
uch oy muddatda Energetika vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar doirasida ijtimoiy soha ob’ektlarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Loyihalarni amalga oshirish uchun Davlat byudjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazorat tadbirlari har yili o‘tkazilishini ta’minlasin.
Bunda, davlat sherigi va xususiy sherik Loyihalar uchun ajratiladigan Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi uchun davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq javobgar hisoblanadi.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) Loyihalar bo‘yicha tasdiqlangan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarda belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi va bitim shartlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirib borsin.
Bunda, monitoring natijasida birinchi marta aniqlangan kamchiliklar uchun yillik to‘lov miqdorini 10 foizga, ikkinchi marta aniqlangan kamchiliklar uchun 20 foizga kamaytirish hamda uchinchi marta aniqlangan kamchiliklar uchun bitimni bekor qilish kabi jazo choralarini qo‘llash mexanizmi tatbiq etilsin.
17. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev), Savdo-sanoat palatasi (D.Vahobov) tegishli tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish maqsadida turli uchrashuvlar, tematik davra suhbatlari tashkil etsin hamda ularni ommaviy axborot vositalarida keng yoritsin.
18. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev):
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi namunaviy bitim loyihasini ishlab chiqib, barcha tuman (shahar) hokimliklariga taqdim qilsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D.Kudbiyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 10 aprel