Mazkur holat Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻrganildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, muassasa rahbarining joriy yil 6 apreldagi buyrugʻi bilan tarbiyachi Sh.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu holat aks etgan videoda tarbiyachi bolani urib, uni haqorat qilgani va tasvirni “Telegram” orqali tanishiga yuborgani koʻringan. Keyinchalik ular oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelib, video tarqalib ketgan.
Murojaat qilgan ona farzandi aynan Ohangaron shahridagi 10-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotining kichik guruh tarbiyalanuvchisi ekanini bildirib, ushbu voqeadan soʻng bolasini bogʻchaga yuborishdan qoʻrqib qolganini aytgan.
Vazirlik barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglarini odob-axloq qoidalari va kasb etikasi normalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi. Shuningdek, taʼlim muassasalarida bolalarning qonuniy huquqlarini himoya qilish va aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni koʻrish boʻyicha ishlar davom ettirilishi taʼkidlandi.