OAV: 81 nafar fransuz deputati Makronning iste'fosi bo'yicha taklifni imzoladi

    Fransiyaning so'lchi “Yangi xalq fronti” alyansining 81 nafar a'zosi mamlakat Prezidenti Emmanuel Makronni hokimiyatdan chetlatish to'g'risidagi rezolyutsiyani imzoladi.

    Bu haqda 4-sentabr kuni Fransiyaning Franceinfo radiosi xabar berdi.

    “Yangi xalq fronti” vakillari Makron saylovlarda g'alaba qozongan koalitsiyadan bosh vazir tayinlashdan bosh tortgani uchun uning iste'fosini talab qildi.

    Fransiya parlamentiga 7-iyul kuni yakunlangan navbatdan tashqari saylovlarda so'l qanot “Yangi xalq fronti” alyansi Milliy majlisdagi 577 o'rindan 182 tasini qo'lga kiritdi. “Birgalikda respublika uchun” prezidentlik koalitsiyasi ikkinchi o'rinni egalladi, ular 168 ta o'rinni band etdi. “Respublikachilar” partiyasidagi ittifoqchilari bilan o'ng qanot “Milliy birlashish” partiyasi 143 o'rinni qo'lga kiritdi. Palatada mutlaq ko'pchilik bo'lishi uchun partiya 289 o'ringa ega bo'lishi kerak. 26-avgust kuni Emmanuel Makron “Yangi xalq fronti”ning iqtisodchi Lyusi Kasteni Vazirlar Mahkamasi rahbari etib tayinlash haqidagi taklifini rad etdi, deb xabar beradi tass.ru.