Bu haqda News18 telekanali X ijtimoiy tarmog'i orqali xabar berdi.

Ayni paytda minglab namoyishchilar Bosh vazir qarorgohiga bostirib kirgan.

Shayx Hasinaning iste'foga chiqishi haqidagi ma'lumotni Reyter agentligining armiyadagi manbalari tasdiqladi. News18 xabariga ko'ra, Bosh vazir Hindistonning Agartala shahriga keldi.

Bangladesh armiyasi bosh qo'mondoni Vaker-Uz-Zaman mamlakatda muvaqqat hukumat tuziladi, dedi.

Bangladeshda bir necha haftadan beri hukumat ishlari uchun kvota tizimiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. To'qnashuv va tartibsizliklar oqibatida kamida 300 kishi halok bo'ldi.

Hukumat Dakka va boshqa shaharlarda komendantlik soati joriy qildi va 5-avgustdan 7-avgustgacha bo'lgan kunlarni butun mamlakat bo'ylab dam olish kuni deb e'lon qildi.

Namoyishchilar Bangladeshning 1971-yilgi Mustaqillik urushida qatnashgan faxriylarning oila a'zolari uchun davlat ish joylarining 30 foizigacha bo'lgan kvotalar tizimini bekor qilishni talab qilmoqda. Ular tizimni kamsituvchi xususiyatga ega va bu mustaqillik harakatiga yetakchilik qilgan “Avami Liga” partiyasi, Shayx Hasina tarafdorlariga foyda keltiradi, deb hisoblamoqda.

2017-yilda Bangladesh hukumati talabalarning ommaviy norozilik namoyishlaridan so'ng kvotani to'xtatib qo'ygandi, biroq joriy yilning iyun oyida Oliy sud 1971-yilgi faxriylar yaqinlarining talablarini qondirib, kvotani tikladi. Bu noroziliklarning yangi to'lqinini keltirib chiqardi. Oliy sud mazkur sud qarorini to'xtatib qo'ydi va hukmni 7-avgust kuni e'lon qilishi kerak, deb xabar beradi ria.ru.