OAV xodimlari erkin faoliyat yuritishi uchun sohadagi huquqiy asoslar takomillashtiriladi(mi?)

    Sohaga oid mavjud qonunchilikni liberallashtirish yo'lidagi dadil qadam sifatida Jinoyat kodeksining ommaviy axborot vositalari orqali “tuhmat” va “haqorat qilish” kabi moddalari bo'yicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi.

    Parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo'mitasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo'yicha jamoatchilik kengashi tomonidan “So'z erkinligini ta'minlash va axborot sohasida rivojlanishning yangi davri” mavzusida onlayn-seminar o'tkazildi. Tadbirda so'z erkinligini ta'minlash va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni yaratish masalalari muhokama qilindi.

    Qayd etilganidek, 2021 yilga mo'ljallangan Davlat dasturida sohani qo'llab-quvvatlashga qaratilgan Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish ko'zda tutilgan. SHuningdek, OAV faoliyatini yanada rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash, jurnalist va blogerlar erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslarni kuchaytirish, axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish belgilangan.

    Seminarda ushbu masalalar tegishli agentlik, vazirlik va idoralar hamda jamoatchilik tuzilmasining mas'ul vakillari ishtirokida muhokamadan o'tkazildi.

    — Mustaqillikning 30 yilligi nishonlanadigan joriy yilda sohada qilingan ishlarni birma-bir tahlil qilsak, axborot siyosati bo'yicha juda katta o'zgarishlarni ko'rishimiz mumkin, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Jabborov. — eng muhimi, O'zbekistonda har bir insonning axborotni erkin izlash, olish, qayta ishlash va tarqatish huquqlari qonun bilan kafolatlangan. Ayniqsa, oxirgi 4-5 yil ichida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarga media-bozorida ular uchun teng sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

    Seminarda qayd etilganidek, keyingi yillarda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish maqsadida qator Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi, tegishli qonunchilik takomillashtirildi, dasturlar e'lon qilindi.

    Xususan, sohaga oid mavjud qonunchilikni liberallashtirish yo'lidagi dadil qadam sifatida Jinoyat kodeksining ommaviy axborot vositalari orqali “tuhmat” va “haqorat qilish” kabi moddalari bo'yicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi.

    SHuningdek, ko'plab xorijiy ommaviy axborot vositalari O'zbekistonda akkreditatsiya qilinib, ularning mamlakatda erkin faoliyat yuritishlari uchun huquqiy zamin yaratildi.

    Seminarda yurtimizda olib borilayotgan axborot ochiqligi siyosatini, , ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, so'z erkinligini ta'minlash, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish xususida fikrlashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.